Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining 2-iyuldagi buyrug‘i bilan Ulug‘bek Ernazarov Qashqadaryo viloyati Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yildan buyon Qashqadaryo viloyati Transport boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlagan Ulug‘bek Ernazarov 2020-yilning mayida Muborak tumaniga hokim etib tayinlangandi. 2021-yilning 9-iyunida esa ushbu lavozimdan ozod etilgandi. Viloyat hokimi Zoir Mirzayev tumandagi ko‘rsatkichlardan qoniqish hosil qilmagan.
Ulug‘bek Ernazarov 2020-yilning dekabrida hokimlik faoliyatidagi mashaqqatlar haqida gapirib, barcha narsa ham hokimlarga bog‘liq emasligini ta’kidlagandi.
Uning o‘rniga Qarshi tumani hokimi o‘rinbosari Akram Aripov Muborak tuman hokimi etib tayinlangan.
Ulug‘bek Ernazarov 1981-yil Shahrisabz tumanida tug‘ilgan. 2003-yilda Toshkent temiryo‘l muhandislari institutini tamomlagan.