Latviya hukumati sog‘liqni saqlash, ijtimoiy yordam va ta’lim muassasalari xodimlarini koronavirusga qarshi majburiy emlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Qonunga tegishli tuzatishlar tez orada rasmiylashtiriladi, deb yozadi Meduza.
Emlanganlik to‘g‘risida sertifikat davlat va munitsipal muassasalarda oflayn xizmat ko‘rsatadigan yoki korxona-tashkilotlarning doimiy ishlarida qatnashadigan xodimlar uchun talab qilinadi. Xodimlar 15-sentabrgacha emlanishi kerak. Ushbu muddatda so‘ng ish beruvchi emlanmaganlarni vazifalaridan chetlatish yoki ular bilan mehnat shartnomasini tugatish huquqiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, ish beruvchi o‘z vazifalarini bajarish davomida boshqalarga virus yuqtirish yoki o‘zi yuqtirib olish xavfiga ega bo‘lgan ishchilardan COVID-sertifikatini talab qilishi mumkin.
Bundan tashqari, qonun loyihasida rasmiylarga faqat “epidemiologik jihatdan xavfsiz” xizmatlarnigina yuzma-yuz ko‘rsatish majburiyati belgilab qo‘yilgan. Sertifikatga ega bo‘lmagan kishilar masofadan turib olishning iloji bo‘lmagan hollardagina xizmatlardan oflayn tarzda foydalanishi mumkin.
Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, Latviyada pandemiya davrida koronavirus infeksiyasini yuqtirish bo‘yicha 137 699 ta holat qayd etilgan, 2 531 bemor kasallikdan vafot etgan.
Avvalroq Tojikistonda voyaga yetgan aholi uchun COVID-19’ga qarshi emlanish majburiy etilgani, Qozog‘istonda ba’zi sohalar xodimlari uchun majburiy vaksinatsiya joriy qilingani, Moskvada ikki oy ichida savdo va xizmat ko‘rsatish xodimlarining 60 foizi emlanishi zarur etib belgilangani haqida xabarlar berilgandi.