O‘zbekiston sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, vaksinalar va immunoprofilaktika bo‘limi boshlig‘i Dilorom Tursunova vaksina olishdan oldin antitanalar darajasini tekshirtirish, ularning darajasi yuqori bo‘lsa, vaksina olish yoki olmaslik to‘g‘risidagi savolga javob berdi, deb yozadi Telegram’dagi “Vaksinauz” kanali.
Dilorom Tursunovaning so‘zlariga ko‘ra, koronavirusga qarshi vaksina autoimmun kasalliklarda, homilador va emizikli ayollarda, 18 yoshdan kichik bo‘lgan bolalarga hamda surunkali yoki biron bir kasallikning avj olgan davrida qilish tavsiya etilmaydi.
“Koronavirus bilan ko‘p aholi deyarli xastalangani qayd etilgan. Shu bois ularning organizmida antitanalar shakllangan bo‘lishi tabiiy. Biroq bu endi vaksina olmasam ham bo‘ladi, degani emas. Negaki hozirda ko‘p koronavirusning yangi shtammlari qayd etilmoqda. Shu sababli oldin kasal bo‘lganlarda ham koronavirusga qayta chalinish holatlari qayd etilayotgani ma’lum. Hatto, ayrimlarda ikkinchi bor kasallikni boshidan o‘tkazishi juda og‘ir kechmoqda. Shu sababli koronavirus bilan og‘rigan fuqarolarni ham 3 oy muddat o‘tgandan so‘ng, albatta, emlanishlarini tavsiya etmoqdamiz”, — deydi Tursunova.
Uning ta’kidlashicha, vaksina olish uchun antitanalarning organizmdagi darajasining ham ahamiyati yo‘q. “Negaki antitanalar sizni boshingizdan o‘tkazgan koronavirusning ma’lum bir shtammiga ta’sir ko‘rsatadi. Vaksina orqali uning bir qancha shtammlarini yuqtirish xavfidan himoyalanasiz”, — deya qayd etadi ekspert.
Avvalroq O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlanganlar soni salkam 2,5 million kishiga yetgani, Toshkentda 28-iyundan 18 yoshdan katta bo‘lgan barcha qatlam koronavirus infeksiyasiga qarshi davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ixtiyoriy tarzda ommaviy emlanishi to‘g‘risida xabar berilgandi.