Chirchiq davlat pedagogika institutiga o‘qishga kiritib qo‘yish uchun ikki kishidan 9 ming dollar olgan yana bir shaxs qo‘lga olindi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi Departament. Bu bir hafta ichida mazkur institutga kiritib qo‘yishni va’da qilib, fuqarolardan pul olgan ikkinchi shaxs hisoblanadi.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi Departament

Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departament, DXX va IIBning Qibray tumani bo‘limlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida X.A. ismli shaxs ikki nafar fuqaroni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Chirchiq davlat pedagogika institutiga o‘qishga kiritib qo‘yishga ishontirgani aniqlangan. Xizmati evaziga u abituriyentlarning har biridan 4,5 ming dollardan, jami 9 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Guliston davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 3 kishidan 6,4 ming dollar pul olgan shaxslar qo‘lga olingani, Toshkent davlat yuridik universitetiga kiritib qo‘yish uchun 10 ming dollar so‘ragan shaxs ushlangani haqida xabar berilgan edi.