Hindistonda o‘tgan kun davomida koronavirus yuqtirganlar soni 42 640 kishiga ko‘paydi va jami kasallanganlar 29 977 861 kishini tashkil qildi. Shuningdek, infeksiya qurbonlari soni ham 24 soat ichida 1167 kishiga ortib, 389 302 nafarga yetdi. Bu haqda 22-iyun kuni Hindiston Sog‘liqni saqlash va oilani himoya qilish vazirligi ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.

Foto: EPA

Mamlakatda sutkalik kasallanish soni 90 kundan ko‘proq vaqt ichida birinchi marta eng past ko‘rsatkichga tushdi. Oxirgi marta 23-mart kuni 40 715 kishida koronavirus qayd etilgan. 5-apreldan 8-iyunga qadar kunlik yangi yuqtirishlar soni 100 mingdan yuqori bo‘ldi, hatto, may oyida bu ko‘rsatkich 400 mingdan oshib ketdi. Xususan, 7-may kuni 414 188 kishida koronavirus aniqlanib, antirekord o‘rnatildi.

Shu bilan birga, o‘tgan sutkada Hindistonda 8 616 million kishi koronavirusga qarshi emlandi — bu kunlik emlanish bo‘yicha dunyodagi rekord raqam. Mamlakatda shu kungacha hammasi bo‘lib 288 766 201 doza vaksina qo‘llanilgan. Hindistonda vaksinatsiya bo‘yicha rekord hukumatning 21-iyundan 18 yoshdan kattalarning barchasini bepul emlashni boshlash to‘g‘risidagi qaroridan keyin o‘rnatildi.

Avvalroq Hindistonda koronavirusning yangi mutatsiyasi aniqlangani xabar qilingandi. Hindiston Sog‘liqni saqlash vazirligining ta’kidlashicha, yangi shtamm tadqiqotchilarda qiziqish uyg‘otmoqda va hanuzgacha xavotirli mutatsiyalar toifasiga kiritilmagan.