Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida YPX inspektorlari Davlat soliq inspeksiyasi xodimini o‘ldirib qo‘ygani haqida xabarlar tarqaldi. Ichki ishlar vazirligi holat bo‘yicha rasmiy bayonot berdi.

Qayd etilishicha, 2021-yilning 10-iyunida tungi soat 00:50 larda Kattaqo‘rg‘on tumani IIB yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tumanning “Kadan” MFY hududidan o‘tuvchi 4R-243 avtomobil yo‘lining Alisher Navoiy va Mustaqillik ko‘chalari kesishmasida jamoat tartibini saqlash bo‘yicha tungi xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida, fuqaro A.A. boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtotransport svetoforning qizil chirog‘idan to‘xtamasdan o‘tib, xodimlarning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, yuqori tezlikda harakatlanib yashirinmoqchi bo‘lgan.

Hududdagi 4R-243 avtomobil yo‘lining 7-kilometriga yetganida Cobalt yo‘l qatnov qismining o‘rtasida to‘xtab, haydovchi avtotransportni tashlab, piyoda qochishga uringan.

Huquqbuzar xodimlar tomonidan ushlanib, o‘ta mast holatda bo‘lganligi gumon qilinib, tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun taklif qilganida fuqaro A.A. ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan faol qarshilik ko‘rsata boshlagan.

Shu vaqt oralig‘ida tibbiy ko‘rikka olib borish uchun transport vositasiga o‘tqazilgan fuqaro A.A.ning sog‘lig‘i yomonlashib, voqea joyiga tez tibbiy yordam xizmati chaqirtirilgan. Ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay fuqaro A.A. vafot etgan.

Hodisa sodir bo‘lgan joy Ichki ishlar vazirligi O‘XB Samarqand viloyati bo‘yicha bo‘limi ishtirokida tuman prokuraturasi tomonidan ko‘zdan kechirilib, hujjatlashtirilgan.

Holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Tekshiruv yakuni bo‘yicha jamoatchilikka to‘liq axborot berilishi ta’kidlangan.

IIV bayonot bilan birga holatni bodikamerada olingan videosini ham e’lon qildi.

IIV ikki nafar YPX xodimining bodikamerasi orqali yozib olingan videoni ulab (montaj qilib), e’lon qilgan. Videoda xodimlar tuman DSI boshlig‘ini ushlab, Spark mashinasining orqa o‘rindig‘iga o‘tqizishga urinayotganini ko‘rish mumkin.

Ikki xodim A.A.ni old va orqa tomonidan mashinaga kuch bilan o‘tqizishga harakat qilgan, A.A. esa ularga qarshilik qilgan.Videoning aynan shu joyida kichik uzilish bo‘lgan hamda katta serjantning o‘rniga kichik serjantning bodikamerasi orqali yozib olingan video qo‘yilishni boshlagan. Ikki nafar xodim esa hushini yo‘qotgan A.A.ni mashinadan tushirib, yerga yotqizgan. YPX xodimlari tez yordam chaqirgan, ular o‘zaro suhbatda A.A. nafas olayotganini bir-biriga aytgan. IIV A.A.ni old tomondan tortib, mashinaga o‘tqizishga uringan YPX xodimining bodikamerasidagi yozuvlarni e’lon qilmagan.

Bosh prokuratura esa holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

“Ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi”, – deyiladi xabarda.

Tergov ustidan Bosh prokuratura tomonidan nazorat o‘rnatilgan.

Bundan avval Qashqadaryoda unashtirilgan yigit-qizni qo‘lga olib, ularni qo‘yib yuborish evaziga pul so‘ragan IIB xodimlari ishdan olingani, Toshkentda YPX xodimiga bo‘ysunmay, “bor yo‘qol” deb yo‘lida davom etgan haydovchining Equinox’i jarima maydonchasiga joylashtirilgani hamda Qoraqalpog‘istonda haydovchiga qo‘l ko‘targan YPX xodimiga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangani haqida xabar berilgandi.