O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov JCh—2022 va Osiyo Kubogi qo‘shma saralashi doirasida Yamanga qarshi o‘yin oldidan matbuot anjumanida ishtirok etdi va uchrashuv haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Foto: O‘FA

Bizda maqsad o‘sha-o‘sha. Keyingi bosqichga chiqish uchun keyingi o‘yinga jiddiy tayyorlanamiz. Biz har bir o‘yinimizni yutishimiz kerak. Yamanni hurmat qilamiz. Ular bu yerda o‘zini uydagidek his qiladi. Yamanlik muxlislar ko‘p. Biz hozir faqat Yaman haqida o‘ylayapmiz.

Jaloliddin Masharipovdan yaxshi futbol kutaman. U yaxshi futbolchi va liderlardan biri. Shu yerda ham o‘zini ko‘rsatishi kerak. Har jamoa raqibi imkon berganchalik o‘ynaydi. Bizga o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishga imkon berilsa, yaxshi bo‘ladi. Jarohatlarimiz bor. Shu sabab ertaga ba’zi o‘zgarishlar qilsak kerak.

Vadim Abramov, O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi

Qayd etish joiz, Singapurga qarshi o‘yinda (5:0) O‘zbekiston terma jamoasidan Hojimat Erkinov, Husniddin Aliqulov jarohat olib, maydonni erga tark etgandi. Shuningdek, Odil Ahmedovda ham kichik jarohat borligi aytildi. Jaloliddin Masharipov esa sariq kartochka ishlab oldi, agar u Yaman bilan o‘yinda ham kartochka olsa, Saudiya Arabistoniga qarshi bahsda ishtirok etolmaydi.

Yaman ustozi Ahmad Ali Qasim ham o‘yin oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Foto: O‘FA

“Ertangi o‘yinimiz og‘ir kechishini bilamiz. O‘zbekiston terma jamoasi guruhda favoritlardan biri. Saudiya Arabistoni bilan uchrashuvda tezkor gol bizni qiynab qo‘ydi. Keyingi o‘yinga biz jiddiy tayyorlandik. O‘zbekiston favorit hisoblansa ham biz o‘z kuchimizga ishonamiz. Biz birinchi uchrashuvda durangga loyiq edik. Falastin O‘zbekiston ustidan g‘alaba qozongach, bizda ishonch paydo bo‘lgandi. Ammo hujumga tashlanib himoyada xatolarga yo‘l qo‘yib, yirik hisobda yutqazganmiz. Bu safar O‘zbekistonning qanday kuchga ega ekanligini bilib turibmiz. O‘zbekiston bir xil darajadagi 23 futbolchiga ega. Ularning birini alohida ajratishni istamagan bo‘lardim. Barchasi yuqori saviyada o‘ynaydi”, — deydi Yaman ustozi.

O‘zbekiston va Yaman o‘rtasidagi uchrashuv 11-iyun, juma kuni Toshkent vaqti bilan 23:00 da boshlanadi.