O‘zbekistonning katta qismida yoz faslining boshi uchun me’yoriy qiymatlardan 7-10 darajaga yuqori bo‘lgan anomal issiq ob-havo 7-iyun kuni ham saqlanib turadi, deb xabar bermoqda “O‘zgidromet”.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Dushanba kuni kechga tomon Toshkent viloyatida, shuningdek tog‘ oldi va tog‘li hududlarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor. Ko‘pchilik viloyatlarda kunduz kuni havo 40-43 darajagacha, janubda ba’zi joylarda 44-46 darajagacha ko‘tariladi. Kavkaz hududlaridan kirib kelayotgan kuchsiz antitsiklon ta’sirida respublika shimolida havo harorati pasayadi va 33-38 darajani tashkil etadi. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 17-22 metr/sekundgacha, ba’zi joylarda changli bo‘ron bilan kuchayishi saqlanib turadi.

8-iyun, seshanba kuni Kavkaz hududlaridan kirib kelgan salqin havo respublikaning katta qismini qamrab oladi, buning hisobiga havo harorati pasayadi. O‘zbekistonda yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat Toshkent viloyatida, tog‘ oldi va tog‘li hududlarda shuningdek momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor. Havo harorati kechalari 24-27 daraja atrofida bo‘ladi, kunduz kunlari esa harorat pasayadi va 34-38 darajani, respublikaning eng janubida 41-43 darajagacha issiqni tashkil etadi.

Qayd etilishicha, bunday harorat foni haftaning oxirigacha davom etadi, ammo harorat me’yordan hali ham yuqori bo‘ladi. Ushbu davrda yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat tog‘ oldi va tog‘li hududlarda ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

8—9-iyun kunlarida shamolli ob-havo saqlanib turadi, respublika bo‘yicha shamol 17-22 metr/sekundgacha, ba’zi joylarda changli bo‘ron bilan kuchayishi mumkin.