Braziliyaning Serrana shahrida o‘tkazilgan tajriba shuni ko‘rsatdiki, aholi orasida vaksinatsiyadan keyin koronavirus natijasidagi o‘lim holatlari 95 foizga kamaygan, deb yozmoqda Reuters.
Xitoyning Sinovac Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan CoronaVac vaksinasini ishlab chiqaruvchi Butantan instituti fevral va aprel oylari oralig‘ida Serrananing 45 ming aholisi orasida tajriba o‘tkazdi. Qaysi chegaralarda virus tarqalishini aniqlashga urinib ko‘rish maqsadida olimlar shaharni to‘rtga bo‘ldi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, natija uchta hududdagi odamlar yoki aholining, taxminan, 75 foizi vaksinaning ikkala dozasini olganidan keyin qo‘lga kiritildi.
Butantan instituti tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirus oqibatidagi o‘lim ko‘rsatkichlari 95 foizga, shifoxonaga yotqizish 86 foizga, simptomli holatlar 80 foizga kamaydi.
“Eng muhim natija shundaki, biz butun aholini vaksinatsiya qilmay pandemiyani nazorat qila olamiz”, — dedi Butantan instituti tadqiqot direktori Rikardo Palasios.
Xuddi shunday tadqiqot Braziliyaning yana bir shahri — 148 ming aholi yashaydigan Botukatuda o‘tkazilmoqda. Tadqiqotchilar mahalliy Fiocruz kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan Oxford-AstraZeneca vaksinasidan foydalanmoqda.
Izoh (0)