Eronning boyitilgan uran zaxirasi 3241 kilogrammga baholanmoqda. Bu esa 2015-yilgi kelishuv bo‘yicha ruxsat etilgan miqdordan 16 barobar ko‘proq. Bu haqda Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik ma’lumotlariga tayanib DW xabar berdi.
Agentlik rahbari Rafael Grossining so‘zlariga ko‘ra, Eron hukumati tashkilotga atom obyektlari haqida to‘liq ma’lumot taqdim etmagan.
Grossining ta’kidlashicha, muzokaralarda progressning yo‘qligi mamlakat atom dasturining tinchlik mohiyatiga ishonch hosil qilish uchun imkon bermaydi va yangi yadroviy bitim bo‘yicha muzokaralarni sekinlashtirishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Venada bir oydan beri Eron va 2015-yilda yadro kelishuvini imzolagan AQSh, Rossiya, Xitoy, Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya o‘rtasida muzokaralar olib borilmoqda.
Eron 14-apreldan boshlab uranni 60 foizgacha boyitish ishlarini boshlagan edi. Eron prezidenti Hasan Ruhoniy Tehronning bunday qaror qabul qilishi Isroilning Natanzdagi yadro obyektiga uyushtirgan hujumiga o‘ziga xos javob ekanini aytgan.
11-aprelda Natanzdagi Ahmad Roshan nomli uranni boyitish kompleksida elektr ta’minotini taqsimlash tizimida muammolar kuzatilgan. Ali Akbar Solihiy tizimdagi nosozlik “yadro terrorchiligi” harakati tufayli yuzaga kelganini bildirgan. Ammo u mazkur harakatlar ortida qaysi kuchlar turganligi borasida muayyan fikr bildirmaslikka qaror qilgan.
Shuningdek, Eron uranni boyitish darajasini 60 foizga chiqarishga muvaffaq bo‘lgani haqida xabar berildi. Eron Atom energiyasi tashkiloti rahbari Ali Akbar Solih, o‘z navbatida, “hozirda 60 foizgacha boyitilgan soatiga to‘qqiz gramm uran ishlab chiqarilmoqda”, dedi.
Izoh (0)