Qozog‘istonda o‘zbekistonlik haydovchi 147 marotaba yo‘l harakati qoidalarini buzgani ma’lum bo‘ldi
O‘zbekiston fuqarosi Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida 147 marotaba yo‘l harakati qoidalarini buzgani aniqlandi, deb xabar beradi “Polisiya.kz”.
Mazkur qoidabuzarlikni aniqlashda modernizatsiya qilingan “Miraj-Uragan” tizimidan foydalanilgan. Rossiyada yashash huquqiga ega bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi o‘zining “VAZ-21099” avtomashinasida 146 marta tezlikni oshirgan, bir marta qizil chiroqda harakatlangan.
Jarimalarning umumiy miqdori 3 million tengedan (74 million so‘m) oshgan. Politsiya materiallarni yig‘ib, qaror qabul qilish uchun ma’muriy sudga yuborgan.
Qozog‘istonda 2021-yil boshidan beri modernizatsiya qilingan “Miraj-Uragan” tizimi yordamida ilgari transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilingan 46 nafar haydovchi va 113 ta davlat qarzdorlari aniqlangan. 21 million tengedan ko‘p jarimalar undirilgan.
Avvalroq Rossiyada 36 yoshli o‘zbekistonlik 2 oy ichida yo‘l harakati qoidalarini 131 marta buzgani ma’lum bo‘lgandi.
Mazvuga doir: O‘zbekistonliklar Rossiyada chet elliklar orasida sodir bo‘lgan YTHlarning eng ko‘p sababchisi bo‘lgani aniqlandi