AQSh va Rossiya yetakchilarining uchrashuvi Shveysariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tishi mumkin. Bu haqda Oq uydagi manbalariga tayanib, NBC News muxbiri Jeff Bennett o‘zining Twitter sahifasida ma’lum qildi. Shuningdek, Shveysariyaning Tages-Anzeiger gazetasi ham mamlakatning Vladimir Putin va Jo Bayden o‘rtasidagi birinchi uchrashuvga mezbonlik qilishi mumkinligi haqida xabar berdi.
Bennettning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvning asosiy mavzusi mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuvi bo‘lishi mumkin. Shuningdek, sammitda Koreya yarimorolidagi holat va koalitsiya kuchlari olib chiqilgandan keyin Afg‘onistondagi vaziyat masalalari ko‘tarilishi ehtimoli ko‘zda tutilgan.
17-may kuni “Kommersant” gazetasi nomi oshkor etilmagan manbaga tayanib, Rossiya va AQSh davlat yetakchilarining sammiti Shveysariyada bo‘lib o‘tishi mumkinligi haqida yozdi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bu ma’lumotga izoh berishdan bosh tortdi. O‘z navbatida, Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga “qahva quyqasiga qarab fol ochmaslik”ni, rasmiy ma’lumotlarning e’lon qilinishini kutishni maslahat berdi.
18-may kuni bo‘lib o‘tgan ishonch yorliqlarini topshirish marosimida Vladimir Putin Shveysariyaning betaraflik maqomini hamda xalqaro mojarolar va nizolarni hal qilishda vositachi rolini bajarayotganini yuqori baholashini ta’kidladi.
13-aprel kuni AQSh prezidenti Jo Bayden rossiyalik hamkasbi bilan uchinchi davlat hududida uchrashish istagi borligini aytgan edi. Kreml sammitning Yevroittifoq davlatlaridan birida bo‘lib o‘tishi mumkinligini ma’lum qildi. 4-may kuni Bayden uchrashuvning iyun oyida bo‘lib o‘tishini “umid bilan kutayotgani”ni aytdi. Rossiya prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov Putin va Baydenning uchrashuvi iyun oyida bo‘lib o‘tishi mumkinligini, lekin aniq sanalar hali belgilanmaganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, Jo Bayden telefon orqali bo‘lgan muloqotda rossiyalik hamkasbiga aprel oyining o‘rtasida ko‘rishishni taklif qilgan edi. Uchrashuvning aniq sanasi ma’lum qilinmagan. Oq uy ma’muriyati uchrashuvni uchinchi mamlakatda o‘tkazishni taklif qilgan. Avstriya hukumati uchrashuvga mezbonlik qilishga tayyor ekanini bildirgan. Kreml uchrashuvga rasmiy javob yo‘qligini va Moskva bu taklifni o‘rganayotganini ma’lum qilgan edi.
Ma’lumot uchun, iyun oyining birinchi yarmida Amerika prezidenti davlat rahbari sifatida chet elga birinchi safarini rejalashtirmoqda. U avval Buyuk Britaniyaga, keyin Belgiyaga boradi.
Izoh (0)