“Barselona” bosh murabbiyi Ronald Kuman so‘nggi paytlarda klub tomonidan hurmat va ishonchni his qilmayotganini ma’lum qildi.

Foto: Twitter

Mavsumning yakuniy qismida klubning menga ishonchini his qilmadim. Biz mening kelajagim haqida gaplashmadik, natijalar sababli shubha borligini ham tushunib turibman. G‘alaba qozonish uchun o‘zgarishlar kerakligini ham tushunaman.

Agar rahbariyat boshqa murabbiy yoki boshqa o‘yinchilar kerak deb hisoblasa, bu normal holat, ammo bu haqida ogohlantirib qo‘yish kerak.

Menimcha, murabbiy va futbolchilarga ko‘proq hurmat ko‘rsatish kerak. Tushunishimcha, so‘nggi paytlarda ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan xabarlardan futbolchilarning ko‘ngli xira bo‘lgan. Ular bunday muomalaga loyiq emas. Ko‘p narsalarni boshqacha qilish kerak.

Ronald Kuman, “Barselona” bosh murabbiyi

Avvalroq “Barselona” prezidenti Xoan Laporta bir necha hafta ichida katta o‘zgarishlar bo‘lishi va jamoaning qoniqarsiz natijalari haqida gapirgandi.

Niderlandiyalik mutaxassis 2020-yilning avgust oyida katalonlar boshqaruviga kelib, 2022-yilgacha shartnoma imzolagandi. “Barselona” uning qo‘l ostida 2020/21-yilgi mavsumda Chempionlar Ligasi va La Ligada muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!