Namanganda Gentra 10 yoshli qizni urib yubordi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.
Voqea 2021-yilning 12-may kuni Yangiqo‘rg‘on—Namangan yo‘lining 15-kilometrida, “Qizilqiyo” mahallasi hududida ro‘y berdi. Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 1976-yilda tug‘ilgan haydovchi Gentra rusumli mashinasini boshqarib ketayotib, harakat xavfsizligini ta’minlamaydi. Avtomobil yo‘lni kesib o‘tayotgan piyoda — tumandagi 4-umumta’lim maktabining 3-sinf o‘quvchisi, 2011-yilda tug‘ilgan Tohira A’zamovani (ism-familiya o‘zgartirilgan) urib yuboradi.
Haydovchining aytishicha, tezligi soatiga 80 kilometr atrofida bo‘lgan, biroq qiz yo‘lga to‘satdan yugurib chiqqani bois tormoz berib ham mashinani to‘xtatolmagan. U zudlik bilan bolani avtomobil saloniga olib, shifoxonaga yetkazgan, biroq qizni saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.
Ushbu holat bo‘yicha tuman IIB tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.