Siyosatchi Aleksey Navalniyning maslakdoshi Leonid Volkovning aytishicha, Navalniy jamoasi ko‘cha mitinglarining avvalgi formatidan voz kechadi. Endi namoyishchilar bo‘lajak mitinglar to‘g‘risida oldindan ogohlantirilmaydi. Bu haqda Volkov Chikago universiteti tomonidan tashkil etilgan veb-seminardagi nutqida aytib o‘tdi, deb yozadi Meduza.

Foto: Meduza

“Ko‘cha noroziliklari ortiq 2021-yil yanvar oyidagi ko‘rinishda bo‘lmaydi. Ammo bu katta muammo emas, shuningdek, endi umuman noroziliklar bo‘lmaydi degani ham emas. Keyingi norozilik ommaviy tayyorgarliksiz kechadi, biz norozilik aksiyasini ma’lum bir kunga rejalashtirayotganimiz, uni tayyorlayotganimiz haqida oldindan e’lon qilmaymiz, bu haqda materiallar tarqatmaymiz. Putinning so‘nggi harakatlari shunga majbur qildi. Biroq bu norozilik o‘z-o‘zidan alanga olishini anglatadi. Bu yaxshimi? Yo‘q. Bu muqarrarmi? Ha”, — dedi Volkov.

Volkovning fikriga ko‘ra, 2021-yildagi norozilik namoyishlaridan so‘ng Rossiya hukumati “repressiya darajasini oshirishga va namoyishchilarga nisbatan bundan ham ko‘proq zo‘ravonlik ishlatishga tayyor ekanligiga shubha qoldirmadi. Uning ta’kidlashicha, namoyishchilar ma’muriy hibsga olinish, katta miqdorda jarimaga tortilish, shuningdek, ishdan bo‘shatilish yoki universitetlardan haydalish singari jazolarga duch kelmoqda.

Yanvar oyida Germaniyadan qaytib kelganidan keyin hibsga olingan va koloniyaga yuborilgan Aleksey Navalniyni qo‘llab-quvvatlash uchun Rossiyada 2021-yil boshidan beri bir necha yirik norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. 21-aprelda o‘tkazilgan so‘nggi aksiya mamlakat bo‘ylab 100 mingdan ortiq ishtirokchilarni yig‘di. “OVD-Info” ma’lumotlariga ko‘ra, 21-aprel namoyishlariga bog‘liq holda taxminan 2000 kishi hibsga olingan, ularning ba’zilari aksiyadan keyingi kunlarda qo‘lga olingan.

Aprel oyida Moskva prokuraturasi Aleksey Navalniyga aloqador tashkilotlar: Korrupsiyaga qarshi kurash fondi, Fuqarolarning huquqlarini himoya qilish jamg‘armasi, shuningdek, siyosatchining shtab-kvartirasini ekstremistik tashkilotlar, deya tan olinishini so‘rab, Moskva shahar sudiga murojaat qildi.