Dunyoning turli burchaklarida 11-may kuni olingan suratlarni taqdim etamiz.

Uch yoshli so‘fiy darvesh raqqosi Anas al-Harrat Damashqning eski shahri Shohgur tumanidagi restoranda oila a’zolari bilan raqsga tushmoqda. Harratlar so‘fiylarning marosimini saqlab qolishga intilayotgan eng yirik Damashq oilalaridan biri.

Foto: AFP

Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida dunyodagi eng katta qo‘lyozma Qur’oni karim sahifasini qo‘lda ko‘chirish ishlari yakuniga yetdi. Sahifani markaz xattoti, Toshkent Islom instituti bitiruvchisi Najmiddin Fayoziy Nuriddin o‘g‘li 6 oy mobaynida ko‘chirgan. Ushbu Qur’on sahifasi Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilishi mumkin.

Foto: Facebook / Shoazim Minovarov

Tabiiy ofatlarning oldini olish milliy kunida Xitoy maktablarida o‘tkazilgan mashg‘ulot jarayonlari.

Foto: Getty Images

Britaniyaning Blekpul shahridagi Madam Tussodning mum haykallari muzeyi ochilishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Foto: PA

Isroil harbiysi oldida turgan falastinlik. Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaro hukumatning Quddusdagi “Shayx Jarroh” mahallasidan bir necha falastinlik oilalarni chiqarib yuborish to‘g‘risidagi qarori, shuningdek, Quddus kuni Ramazon oyiga to‘g‘ri kelganligi sababli Ma’bad tog‘iga kirish cheklovlari ortidan avj oldi.

Foto: EPA

Xitoyda tibbiyot institutini tamomlagan hamshiralar bitiruv marosimida qatnashyapti.

Foto: Getty Images

Kaliforniya shtatidagi Providens Sent-Jozef tibbiyot markazida koronavirus oqibatida vafot etganlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbir davomida kapalaklar uchirildi.

Foto: AP Photo

Rossiyaning Qozon shahridagi 175-sonli maktabda 11-may kuni ertalab otishma sodir bo‘ldi. Otishmada kamida 11 kishi halok bo‘ldi, 32 nafar odam jabrlandi, ulardan 16 nafari kasalxonada.

Foto: “TASS”

Ispaniyaning Sevilya shahrida G‘arbiy Nil virusining oldini olish ishlari boshlandi.

Foto: EPA

Xamasning Masjid ul-Aqsodan Isroil xavfsizlik kuchlarini olib chiqib ketishi uchun belgilagan ultimatum muddati tugagandan so‘ng G‘azo sektoridan Isroil tomoniga otilayotgan raketalar.

Foto: Getty Images

Indoneziyalik ayol bayramdan oldin bozor qilib qaytmoqda. Shu kunlarda butun dunyo musulmonlari Ramazon hayiti bayramini nishonlashga tayyorgarlik ko‘ryapti.

Foto: AP Photo

Pragada koronavirus pandemiyasi qurbonlarini xotirlash uchun sham yoqib chiqayotgan ayol.

Foto: Reuters

Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II parlamentning yangi sessiyasi ochilishida o‘z taxtidan nutqini so‘zladi.

Foto: Getty Images

Isroil va Xamas o‘rtasidagi ziddiyat paytida portlashda halok bo‘lgan 11 yoshli Husayn Hamadning qarindoshlari motam tutmoqda.

Foto: AP Photo

Moskvadagi “Yangi Tretyakov” galereyasi devorida rassom Aleksandr Kupalyanning eskizi asosida devoriy rasm chizish jarayoni. Bu yerga har kuni istagan kishi kelib, art-obyektni yaratish jarayonini kuzatishi mumkin.

Foto: “TASS”

Angliyaning Dorset shahridagi oqqushlar yashaydigan koloniyada yaqinda tug‘ilgan oqqush polaponi va uning onasi.

Foto: Getty Images

Venesueladan boshpana izlab kelayotgan muhojirlar Rio-Grande daryosini kechib, Meksikadan AQSh tomonga o‘tyapti.

Foto: Reuters

10-may kuni maktab tashqarisida bomba yuklangan avtomashinaning portlashi oqibatida jarohat olgan o‘quvchilardan biri, 14 yoshli Ruqiya Baxshi Afg‘onistonning Kobul shahridagi kasalxonada davolanmoqda.

Foto: Reuters

Indoneziyaning Bali orolida politsiya xodimi va milliy kiyimdagi raqqosa odamlarga COVID-19 kasalligining oldini olish bo‘yicha ma’lumot beryapti.

Foto: EPA

Pianinochi Juzeppe Kalifano Rimdagi Appia Antica arxeologik bog‘i ichida sham yorug‘ida konsert uyushtirmoqda.

Foto: Reuters