Yaqin kelajakda “O‘zbekiston temir yo‘llari” poytaxtning shahar tashqarisidagi manzillar bilan bog‘lovchi yangi elektropoyezdlarni (elektrichka) sotib olishni va unda yo‘lovchilar oqimini ko‘paytirishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi kompaniya matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, Toshkentdan Bo‘stonliq tumanida joylashgan Hojikentgacha mavjud yo‘nalishdagi elektropoyezdlar qatnoviga bo‘lgan talab yil sayin ortib bormoqda. Buning sababi Bo‘stonliq tumanida shahar chetidagi dam olish manzillari joylashgani, son-sanoqsiz dam olish maskanlari va sanatoriylarning mavjudligi bilan bog‘liq.
Bugungi kunda ushbu yo‘nalishda kunlik yo‘lovchilar tashish hajmi qariyb 2000 kishini tashkil qiladi. Har haftaning dam olish kunlari ushbu yo‘nalishdagi elektropoyezdlarning qatnashi juda qulayligini yo‘lovchilar ta’kidlab keladi.
Poytaxt aholisi va mehmonlari hordiq chiqarish maqsadida mazkur hududda vaqt o‘tkazishni afzal ko‘radi. Shu munosabat bilan ushbu yo‘nalishdagi avtomobil yo‘lida ko‘p kilometrlik tirbandliklar vujudga kelib, qimmatli vaqtni sarf qilishga to‘g‘ri kelmoqda.
Bunday sharoitda elektropoyezd (elektrichka) narx jihatidan ham, kam vaqt sarflanishi bilan ham haqiqatan qulay transport vositasi hisoblanadi. Yuqoridagilarni hisobga olgan holda, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ mazkur yo‘nalish uchun yana 4 ta yangi tezyurar elektropoyezdlarni ishga tushirishni rejalashtirmoqda.
Bu Toshkentdan Hojikentgacha harakatlanish vaqtini 2 soat 15 daqiqadan bir soatgacha qisqartirishga, avtomobil yo‘llaridagi tirbandlikni kamaytirishga, kunlik yo‘lovchilar tashish hajmini 2000 dan 12000 gacha oshirishga va shaharlararo temiryo‘l transport tizimining rivojlanishiga olib boradi.
Qayd etilishicha, hozirda Xitoy, Janubiy Koreya, Belarus va Rossiyada ishlab chiqarilgan harakatlanuvchi tarkibning texnik xususiyatlari va narxlari batafsil o‘rganilmoqda.
Ushbu jarayondagi rivojlanish tezligiga mos keladigan harakatni tashkil etish uchun hozirgi vaqtda Toshkent—Hojikent yo‘nalishidagi temiryo‘l uchastkalari ham jadal suratlar bilan modernizatsiya qilinmoqda, kapital ta’mirlanmoqda. Bu yo‘sinda mavjud harakat tarkib (elektrichka)lar ham modernizatsiya qilinmoqda. Hozirda Toshkent va Bekobod o‘rtasida harakatlanayotgan elektropoyezdda yumshoq o‘rindiqlar o‘rnatilgan, yuk saqlash joylari kengaytirilgan.
Ma’lumki, 2020-yilning yozidan Farg‘ona vodiysidagi elektrlashtirilgan halqa temiryo‘li Namangan–Andijon–Marg‘ilon–Qo‘qon yo‘nalishida elektropoyezdlar harakatlana boshladi. Ushbu mintaqa O‘zbekistonda aholi eng zich joylashgan hudud hisoblanadi va bu yerda kunlik yo‘lovchi tashish hajmi 8200 kishini tashkil qilmoqda.
Yangi harakat tarkiblar sotib olinishi bilanoq Andijondan Xonobodga ham elektropoyezd harakatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Bundan avval Toshkent metrosiga Rossiyadan yana 10 ta poyezd keltirilishi, Toshkent—Namangan—Andijon yo‘nalishida poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilgani hamda Toshkent viloyatida “elektrichka” temiryo‘l relslari orasida yotgan mast erkakni turtib yuborgani haqida xabar berilgandi.