Samarqandda 4-may kuni kuchli yomg‘ir yog‘gani sabab qo‘l tormozi tortilmagan holatda turgan Damas soyga tushib ketdi. Bu haqda viloyat IIB YHXB matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, shu kuni havo haroratining keskin o‘zgarib, kuchli yomg‘ir yog‘ganligi sababli soat 15:00 larda Urgut tumanining ichki yo‘lidan oqib o‘tuvchi soy oldida qo‘l tormozi tortilmagan holatda turgan Damas soyga tushib ketgan.
Hodisa sodir bo‘lgan vaqtda avtomashina ichida hech kim bo‘lmagan. Transport vositasi ko‘tarma kran yordamida soydan olib chiqilgan.
Eslatib o‘tamiz, Samarqand viloyatida 4-may kuni kuzatilgan yog‘ingarchiliklar oqibatida bir qator shahar va tumanlarda aholiga noqulaylik tug‘diruvchi holatlar yuzaga keldi. Ijtimoiy tarmoqlarda kuchli yog‘ingarchilik sabab suv bosgan ko‘chalarning videolari tarqaldi.
Videolarning birida odamlar xonadonlariga toshib kirgan suvni supurgi yordamida ko‘chaga supurib chiqarayotganini ko‘rish mumkin. Shuningdek, yana bir videoda kuchli shamol va sel toshqinlari avtomobillar harakatlanishiga to‘sqinlik qilayotgani tasvirlangan.