Rossiya aviakompaniyasi havo kemasi nosozligi tufayli qoldirilgan reys yo‘lovchilarini olib ketish uchun Namanganga qo‘shimcha samolyot jo‘natdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.
Red Wings aviakompaniyasining Namangan—Moskva yo‘nalishidagi charter aviareysi joriy yil 3-may kuni soat 19:50 da amalga oshirilishi rejalashtirgan edi. Ammo havo kemasining texnik nosozligi tufayli ushbu parvoz qoldirildi.
Ushbu samolyot bortida jami 223 nafar yo‘lovchi bo‘lgan.
Namangan xalqaro aeroporti matbuot kotibi Sitora Abdug‘aniyevaning aytishicha, mazkur reys yo‘lovchilari aviakompaniya tomonidan mehmonxonaga joylashtirilib, issiq ovqat va boshqa zarur sharoitlar bilan ta’minlangan.
Moskvadan zudlik bilan jo‘natilgan mutaxassislar samolyot nosozligini o‘z vaqtida bartaraf eta olmadi. Shundan so‘ng aviakompaniya Namangan xalqaro aeroportiga qo‘shimcha havo kemasi yuborishga qaror qildi.
Bugun, 5-may kuni soat 03:52 da Red Wings aviakompaniyasining A-321 samolyoti Namangandan Moskvaga parvoz qildi.
Hozirda aviakompaniyaning Namanganda qolgan samolyotidagi nosozliklarni sinchiklab ko‘zdan kechirish va holatni o‘nglash uchun Rossiyadan qo‘shimcha mutaxassislar kelishi kutilmoqda.