Professional boksda faoliyatini davom ettirayotgan o‘zbekistonlik sportchi Bektemir Meliqo‘ziyev (7-0, 6 KO) Xalqaro boks federatsiyasi (AIBA) tomonidan 4 yil muddatga diskvalifikatsiya qilindi.

Foto: Instagram

“GoSport” nashri Bektemirning diskvalifikatsiyasi va uning professional faoliyatiga ta’siri haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdi.

Nega bunday bo‘ldi?

Barchasi uzoq 2018-yilga borib taqaladi. O‘shanda Bektemirdan olingan doping-testda uning qonidan furosemid taqiqlangan moddasi aniqlangan bo‘lib, o‘shandan keyin u 2018-yil 28-fevraldan boshlab 2020-yil 27-fevralgacha 2 yillik diskvalifikatsiya bilan jazolangandi. Shundan so‘ng, Bektemir uch marta 2019-yil 30-sentyabrda, 21-oktyabr va 2020-yil 16-fevral kunlari doping tahlili topshirilishi lozim bo‘lgan manzillarga bormagan. Unga, butunjahon antidoping kodeksining 2.4-moddasiga asosan, bu turdagi antidoping qoidabuzarligi uchun 2 yillik diskvalifikatsiya jazo chorasi qo‘llanilgan. Ammo bu qoidabuzarlik avvalgi antidoping qoidabuzarlik uchun belgilangan muddat ichida sodir etilgan bo‘lsa, bunda keyingi antidoping qoidabuzarlik muddati ikki baravar ko‘paytiriladi. Shu sababli, Meliqo‘ziyevga jami 4 yillik diskvalifikatsiya belgilangan.

Ushbu xabardan keyin muxlislar va boks hamjamiyatida bir qator savollar paydo bo‘la boshladi. Chunki ko‘pchilik mazkur diskvalifikatsiyani bokschining butun faoliyatiga taalluqli deb tushunganlar ko‘p bo‘lgan. Aslida esa bunday emas.

Professional faoliyatga ta’siri qanday bo‘ladi

Birinchidan, chetlatish AIBA, ya’ni havaskor boksga aloqador tashkilot tomonidan amalga oshirilgan. Bektemir havaskorlar o‘rtasidagi musobaqada tahlil natijalaridan so‘ng chetlatilgan. Keyinroq u havaskor boksdan to‘liq ketmasdan professional boksda faoliyatini boshlagan, lekin Olimpiadada ishtirok etish istagida yana havaskor boksga qaytish niyatida bo‘lgan. Shu maqsadda uni Olimpiada saralash musobaqasida ishtirok etuvchi sportchilar qatorida qoldirishgan. Aynan mana shu sabab bilan AIBA tizimidan chiqib ketmagan bokschi majburiy doping testlar topshirishi kerak bo‘lgan. Ammo u ko‘rsatilgan manzilda bo‘lmagani sababli, AIBA bokschisi sifatida yana jazolangan. Professional bokschi sifatida emas.

Foto: Getty Images

Ikkinchidan, Bektemir AIBA tasarrufidagi musobaqalardan chetlatilgan davrda ham professional boksda faoliyatini davom ettirgan va bu hech qanday qoidalarni buzish sifatida baholanmagan. Ya’ni u AIBA’ga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan (aytish mumkin bo‘lsa, boshqa sport turi) janglarda ishtirok etgan. Bu safargi jazo ham aynan birinchi jazoni bergan tashkilot tomonidan berilgan. Farqi faqat 2 yil emas, 4 yil. Shundoq ham havaskor boksda ringga chiqmayotgan bokschiga bu jazoni unchalik ahamiyati yo‘q desak ham bo‘ladi. Yagona aniq bo‘lgan narsa, Bektemir uzil-kesil havaskor boks bilan xayrlashsa ham bo‘laveradi. Bor e’tibor professional boksga qaratiladi.

Shuningdek, tashkilot chetlatilishida ham bu narsa qayd qilingan. “Butunjahon antidoping kodeksiga ko‘ra, Meliqo‘ziyevning professional boksda chiqishlarini davom etishi yoki etmasligi tegishli Xalqaro professional boks tashkilotining qaroriga bog‘liq bo‘ladi. Agar ruxsat beradigan bo‘lsa, diskvalifikatsiyasi tugagunga qadar faqatgina professional boksda jang o‘tkazishi mumkin”, —deyiladi xabarda. Ya’ni professional boksning o‘ziga qo‘yib berilyapti. Shu paytgacha bu borada muammoga duch kelmagan sportchi kelgusida ham bunday muammoga duch kelmasligiga ishonsak bo‘ladi. Asosiysi professional boksga aloqador tashkilotlarning majburiy doping testlarida muammo tug‘ilmasa bo‘lgani.

Eslatib o‘tamiz, Meliqo‘ziyev 19-iyun kuni Gabriel Rosadoga qarshi ringga chiqadi. Ayni vaqtda u super o‘rta vazn toifasida WBA reytingida 7, WBO reytingida 12-o‘rinda bormoqda.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!