Yevropa Superligasi tashkil etilgani haqida rasman ma’lum qilindi.

Foto: Twitter

Yangi tashkil etilgan ligada “Milan”, “Arsenal”, “Atletiko”, “Chelsi”, “Barselona”, “Inter”, “Yuventus”, “Liverpul”, “Manchester Siti”, “Manchester Yunayted”, “Real” va “Tottenhem” klublari ta’sischi maqomida bo‘ladi. Yana uch jamoa mavsum avvalida qo‘shilishi aytilmoqda.

Superliga o‘yinlari haftaning o‘rtasida o‘tkaziladi va u milliy chempionat bahslariga ta’sir qilmaydi. Yuqorida qayd etilgan klublar UEFA va FIFA bilan hamkorlikni davom ettirish borasida muzokaralar o‘tkazadi.

“Superligani tashkil etish pandemiya Yevropa futbolining moliyaviy tizimini ishdan chiqargan vaqtga to‘g‘ri keldi. Ta’sischi klublar bir necha yildan buyon Yevrokuboklar saviyasini oshirishni, yuqori darajadagi klublar va futbolchilar bir-biri bilan raqobat qiladigan format yaratilishini so‘rab kelardi.

So‘nggi oylarda futbolning bosh shaxslari Yevrokuboklarning kelajakdagi formatini muhokama qildi. Ta’sischi klublar ushbu muzokaralar natijasida taklif etilgan format eng yuqori saviyadagi o‘yinlar va qo‘shimcha moliyaviy daromadlar bilan bog‘liq muammolarni hal qilmaydi degan fikrda”, — deyiladi Superliga bayonotida.

Ma’lum bo‘lishicha, Superliga avgust oyida start oladi va o‘yinlar hafta o‘rtasida tashkil etiladi. Musobaqada 20 ta jamoa ikki guruhga bo‘lingan holda ishtirok etadi. Har bir guruhda dastlabki uchta o‘rinni egallagan jamoalar chorak finalga yo‘l oladi. 4 va 5-o‘rindagi jamoalar pley-off o‘yinida ishtirok etadi. Guruh bahslari va pley-off o‘yinlari uy-safar tizimida o‘tkaziladi. Final esa neytral maydonda o‘tadigan bitta o‘yindan iborat bo‘ladi.

Yevropa Superligasiga “Real” prezidenti Florentino Peres rahbarlik qiladi. “Yuventus” prezidenti Andrea Anyelli va “Manchester Yunayted” xo‘jayinlaridan biri Joel Gleyzer vitse-prezident etib tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, FIFA, UEFA va yuqoridagi klublar ishtirok etadigan ligalar Yevropa Superligasining tashkil etilishiga mutlaqo qarshi ekanini ma’lum qildi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!