Amerika harbiy qo‘mondonligi Germaniyaga razvedkachilar, artilleriyachilar, kiberoperatsiyalar va radioelektron kurash bo‘yicha mutaxassislarni kiritdi. Bu haqda AQShning Yevropa va Afrikadagi qo‘shinlari vakili Jo Skrokkaga tayanib “Interfaks” xabar berdi.
“Gap dala artilleriyasi, havodan va raketadan mudofaa, razvedka, kiberoperatsiyalar, radioelektron kurash, koinot, aviatsiya va ta’minot guruhi haqida ketmoqda”, — deya so‘z yuritdi Pentagon.AQSh Qurolli Kuchlarining Yevropa qo‘mondonligi rahbari general Tod Uolters harbiylar Visbaden shahriga yuborilishini ma’lum qildi.
13-aprel kuni Pentagon rahbari Lloyd Ostin AQShning Germaniyaga yana 500 nafar harbiyni kiritishga qaror qilganini va bu harakatlarning Rossiyaga hech qanday aloqasi yo‘qligini aytdi.
AQShning Germaniyaga qo‘shimcha kuchlarni joylashtirish to‘g‘risidagi qarorini Sharqiy Ukrainadagi vaziyatning keskinlashuvi fonida Rossiyaga yo‘llangan belgi sifatida qabul qilinishi mumkinmi, degan savolga javoban: “Ishontirib aytamanki, bu NATO uchun belgi bo‘lib, bu NATOni to‘liq qo‘llab-quvvatlashimizni anglatadi. Eng muhimi, biz Germaniya bilan munosabatlarimizni qadrlaymiz”, — dedi Ostin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh qo‘shinlarining Germaniyaga kiritilishi “qo‘shimcha imkoniyatlar” hisoblanadi.
2021-yilning fevral oyida Germaniya hukumati vakili Shteffen Zaybert mamlakat AQShning avvalgi ma’muriyati harbiy qo‘shinlarning bir qismini Germaniyadan olib chiqish to‘g‘risidagi qarorini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha Jo Baydenning bayonotiga ijobiy munosabat bildirganini aytdi.
“Hukumat ushbu bayonotni mamnuniyat bilan qabul qiladi, biz voqealarning keyingi rivojini diqqat bilan kuzatib boramiz”, — dedi Zaybert.
2020-yilning 15-iyun kuni AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp mamlakatning Germaniyadagi qo‘shinlarini qisqartirishga qaror qilgani haqida ma’lum qilib, u yerda faqat 25 ming askarni qoldirmoqchi ekanini aytgan edi. Keyin Tramp “Germaniya mudofaa uchun yetarli mablag‘ ajratmayotgani” va NATOning ishonchini oqlamayotgani uchun shunday qarorga kelganini ta’kidlab, Berlin mudofaa budjetini ko‘paytirgan taqdirda, Germaniyaga harbiylarni qaytarishini aytgan.
Avvalroq AQSh Yaqin Sharqdan raketalar majmuasining bir qismini olib chiqishga qaror qildi. Prezident Jo Bayden Pentagonga Fors ko‘rfazidagi harbiylar sonini qisqartirishni buyurdi. Shuningdek, Amerika mudofaa vaziri Lloyd Jeyms Ostin Vashington o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqib ketishga shoshmoqchi emasligini ma’lum qilgan edi.
Izoh (0)