Yozuvchi, publitsist G‘affor Hotamov 2021-yil 4-aprel kuni 68 yoshida Toshkent shahrida vafot etdi. Bu haqda “Xabar.uz” ma’lum qildi.
G‘affor Hotamov 1953-yilning 25-aprelida Navoiy viloyatining Navbahor tumanidagi G‘ujbog‘ qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilgan. 1974-yilda Toshkent davlat pedagogika institutining filologiya fakultetini tugatgan.
Mehnat faoliyatini respublika bolalar gazetasi tahririyatida boshlagan. “Toshkent oqshomi”, “O‘zbekiston ovozi” gazetalari, “Yoshlik” jurnali tahririyatida, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida xizmat qilgan. Keyinchalik “Yoshlik” jurnali hamda “Turkiston” gazetasining bosh muharriri lavozimida ishlagan.
G‘affor Hotamovning dastlabki hikoyasi “Tong va shom” 1976-yili “Guliston” jurnalida, 1978-yili esa “Xat tashuvchi bola” nomli ilk hikoyalar to‘plami nashr etilgan. 1980-yil G‘affor Hotamovning “Qaytish”, 1985-yil “Quduq tepasidagi oy”, 1998-yili “Azal va abad”, 1990-yili esa “Tohir va Zuhraning kulmagan baxti” qissalari “Yoshlik” jurnalida e’lon qilingan.
Yozuvchining hikoya, qissa va badialari keyingi yillarda “Kuntug‘mishning kulmagan baxti”, “Birinchi muhabbat qissasi”, “Kecha va bugunning saboqlari” nomi ostida kitob holida nashr etilgan. G‘affor Hotamov “Quduq tepasidagi oy” qissasi va “Evrilish” badiasi uchun O‘zbekiston yoshlar tashkilotining mukofotiga sazovor bo‘lgan. Uning asarlari qator xorijiy tillarga tarjima qilingan.
Bundan avval O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, haykaltarosh Yakov Shapiro 83 yoshida, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev 88 yoshida, yozuvchi Sa’dulla Siyoyev 82 yoshida vafot etgani haqida xabar berilgan edi.