Bosh prokuratura matbuot xizmati pul evaziga prokuratura organlariga ishga joylashtirishni va’da qilgan shaxslar ushlanganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, fuqaro I.E.ning arizasi asosida Bosh prokuratura ichki xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Muallif arizasida Nosir ismli shaxs mansabdor yaqinlari orqali tanishi A.E.ni prokuratura organlariga ishga joylashtirish evaziga jami 30 ming dollar talab qilib, ushbu pullar hisobidan 5000 dollarini oldindan berishni so‘raganligini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Ushbu murojaat yuzasidan 4-aprel kuni o‘tkazilgan tadbirda ikki nafar fuqaro Toshkentning Chilonzor tumanida joylashgan “Denov” choyxonasida ariza muallifi I.E.dan 5 ming dollarni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Gumondor shaxslar protsessual tartibda ushlangan bo‘lib, ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Farg‘onada ichki ishlar organlariga ishga kiritib qo‘yish uchun ayoldan 2 ming dollar talab qilganlar qo‘lga olingani, Termizda 3 ming dollar evaziga ikki kishini harbiy qismga ishga joylashtirib qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxs ushlangani, Toshkentda 4 ming dollar evaziga Milliy gvardiya tizimiga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan shaxs ushlangani haqida xabar berilgan edi.