Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida qalbaki 24 850 dollarni muomalaga kiritishga uringan shaxslar qo‘lga olindi, deb xabar beradi Tergov departamenti.
Ma’lum qilinishicha, 31-mart kuni viloyat IIB JQB va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 42 yoshli Kozim A., 36 yoshli Shavkatbek A., va 48 yoshli Abduvohid F. 24 850 AQSh dollar qiymatiga teng soxta pullarni shartli ravishda mijoz sifatida jalb qilingan fuqaroga Qo‘qon shahrida joylashgan “Zamin” choyxonasida 10 ming AQSH dollarga sotayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Qo‘qon shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan ushbu fuqarolarga nisbatan Jinoyat kodeksining 176-moddasi 3-qismi “a” bandi (qalbaki pullar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tergov harakatlari davomida mazkur fuqarolar soxta pullarni poligrafik usulda nusxa ko‘chirib ko‘paytiruvchi rangli printer yordamida tayyorlagani aniqlangan. Hozirda tergov davom etmoqda.
Avvalroq Farg‘onada qalbaki 100 dollarlik kupyurani muomalaga kiritmoqchi bo‘lgan shaxs ushlangani, Zangiotada qalbaki 5 ming dollarni 2,5 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olingani to‘g‘risida xabar berilgandi.