Tanzaniyada Daily News gazetasining bir qator xodimlari davlat rahbarining vafoti munosabati bilan hamdardlik materiali nashr etgani uchun ishdan chetlatildi. Ushbu materialda adashib amaldagi prezident Samiya Suluxu Hassanning ismi ko‘rsatilgan. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
Tanzania Standard Newspapers (TSN) noshirlik kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, nashriyot xodimlari ishdan bo‘shatildi, chunki ular Hassanning inauguratsiyasiga bag‘ishlangan tabriknoma bo‘lishi kerak bo‘lgan reklama materialini “ko‘rmagan va to‘g‘rilamagan”. Lekin g‘arb OAV ma’lumotlari va nashrning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlariga ko‘ra, xabarda Hassanning “vafoti munosabati bilan ta’ziya” va uning yaqinda bo‘lib o‘tgan inauguratsiyasi haqidagi ma’lumotlar berilgan.
“2021-yilning 29-martidan boshlab kompaniya gazetalarida e’lon qilingan reklama sifatining nazoratini ta’minlashda ularning xatosi aniqlanguniga qadar TSN rahbariyati reklama bo‘limi rahbari vazifasini bajaruvchi Anita Shayo, qabulxona va mijozlarga xizmat ko‘rsatish xizmati rahbari Rajab Juma Muhammadni ishdan chetlatdi. Shuningdek, rahbariyat shtatdan tashqari savdo xodimi Lamek Semson bilan ham shartnomani bekor qiladi”, — deyiladi kompaniyaning Twitter sahifasida.
Avvalgi davlat rahbari Jon Magufuli vafotidan keyin Samiya Suluxu Hassan 19-mart kuni Tanzaniyaning oltinchi prezidenti sifatida qasamyod qabul qildi.
Avvalroq Tanzaniya prezidenti Jon Magufuli bilan vidolashish marosimida yuzaga kelgan olomon tiqilinchi oqibatida 45 kishi halok bo‘lib, 37 kishi jarohat olgani haqida xabar berilgan edi.
Jon Magufuli 61 yoshida vafot etdi. Avvalroq Tanzaniya muxolifati rahbari Tundu Lissu prezidentning koronavirus bilan kasallangani va qo‘shni davlat Keniyada kasalxonaga yotqizilgani haqida aytgandi. Ammo prezident o‘limining rasmiy sababi sifatida yurak bilan bog‘liq muammolari keltirildi.
Izoh (0)