Google Microsoft’ni tanqid qildi va kompaniyani onlayn platformalarning OAV yangiliklaridan foydalangani uchun to‘lov joriy qilinishini qo‘llab-quvvatlagani uchun korporativ opportunizmda aybladi. Bu haqda “RBK” xabar berdi.
Gap Avstraliyada media bozor ishtirokchilari kodeksi qabul qilingandan keyin IT-kompaniyalar o‘rtasida yuzaga kelgan munozaralar haqida ketmoqda. Ushbu kodeks ijtimoiy tarmoqlar va qidiruv tizimlari nashrlarning mualliflik huquqi bilan himoyalangan kontentidan foydalangani uchun ularga pul to‘lashini ko‘zda tutadi. Hozircha bu qonun faqat Google va Facebook kompaniyalariga tegishli.
Fevral oyining boshida Microsoft prezidenti Bred Smit Avstraliya hukumatining OAVni himoya qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan edi. “Bugun media bozor va jurnalistika raqamli texnologiyalar asrida biznes modellari va iste’molchilar istaklarining o‘zgarishi kabi ko‘plab muammolarga duch kelmoqda”, — deb yozgan Smit.
Shuningdek, Smit AQSh rasmiylariga shu kabi qonun loyihasini ishlab chiqishni taklif qildi.
Bunga javoban Google’ning katta vitse prezidenti Kent Uoker Microsoft’ning bunday takliflari raqobatda o‘z manfaatlarini himoya qilishga urinishdan boshqa narsa emasligini ta’kidladi. “Ushbu muhim munozara muammoning ildizi haqida bo‘lishi va aniq korporativ opportunizm tomonidan bekor qilinmasligi kerak”, — dedi Uoker.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkala kompaniya ham turli sohalarda faol raqobatlashmoqda — cloud xizmatlardan elektron pochta va video qo‘ng‘iroqlargacha. “Afsuski, bu sohalarda raqobat kuchayib borayotgani sababli Microsoft raqiblarga hujum qilish va o‘zining manfaatiga xizmat qiladigan qoidalarni peshlash kabi odatiy uslubiga qaytmoqda”, — deb ta’kidladi Google vitse prezidenti.
Avvalroq Texas bosh prokurori Ken Pakston Amerikaning o‘nta shtati nomidan sudga Google’ga qarshi jamoaviy da’vo berib, uni monopoliyaga qarshi qonunchilikni buzganlikda ayblagan edi. Shikoyatlar, da’vogarlar fikricha, noqonuniy yo‘llar bilan internet-reklamani monopollashtirgan IT-gigant faoliyatiga aloqador bo‘lgan.
Izoh (0)