Rossiyada mahalliy Aurus avtomobillarini yaratish bilan shug‘ullanuvchi “NAMI” federal davlat unitar korxonasi premium markadagi birinchi elektromototsiklning ishchi prototipini namoyish etdi. Yangi texnikaning yaratilishi tasvirlangan uch daqiqali video Rossiya Sanoat va savdo vazirligining Instagram’dagi sahifasida paydo bo‘lgan.

Kadr: Instagram

Ta’kidlanishicha, mahalliy mototsiklni yaratish g‘oyasi orqali shu turdagi xorij texnikalari o‘rnini egallash ko‘zda tutilgan. Eslatib o‘tamiz, “Yagona modul platforma” (“Kortej”) 2012-yilda ishga tushirilgan bo‘lib, mototsiklning tashqi ko‘rinishiga oid patent “Rosstandart” bazasida 2020-yilning yozida paydo bo‘lgandi.

Rossiya elektrobayki boshqariluvchi shamol oynalar, orqani ko‘rishga mo‘ljallangan to‘g‘ri burchakli ingichka ko‘zgu va yon tomonlarida bir juft “kofr” bilan jihozlangan. Shuningdek, “NAMI” videosida maxsus xizmatlar uchun mo‘ljallangan va aravachali mototsikl eskizlari namoyish etilgan.

https://www.instagram.com/tv/CMRLZiRh1S-/

Sanoat va savdo vazirligining qayd etishicha, mototsiklning og‘ir sinfga kiruvchi alohida versiyasidan IIV va FVV vazifalarini bajarishda foydalanish mumkin, bundan tashqari, mototsikl erkin savdolar uchun ham mo‘ljallangan.

Aurus mototsikli eng yuqori quvvati 140 kilovatt yoki 190 ot kuchiga teng elektrodvigatel bilan jihozlangan. Ikki g‘ildirakli Aurus’ning soatiga 100 kilometr tezlikka erishishi uchun 3,7 soniya kifoya. Maksimal tezligi oshkor etilmagan, taxminlarga ko‘ra, u 250 kilometr/soatni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning aprelida Rossiya Sanoat va savdo vazirligi rahbari Denis Manturov anchadan buyon Aurus limuzinidan foydalanib kelayotgan mamlakat prezidenti Vladimir Putin dastlabki vaqtlarda avtomobilning texnik jihatlarini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berib kelganini ma’lum qilgandi.