Daniya poytaxti Kopengagen yaqinida bunyod etilayotgan Linettholm deb nomlangan sun’iy orol uchun Shvetsiya va Daniya o‘rtasida mojaro kelib chiqdi. Shvetsiyaning Skone viloyati ma’murlariga ko‘ra, orol atrof-muhitga va suv ta’minotiga salbiy ta’sir qiladi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Rejaga ko‘ra, orol Kopengagenni Shvetsiyaning Malmyo shahri bilan bog‘laydigan Eresunn ko‘prigi yonida barpo qilinishi kerak. Loyihani muhokama qilish 2021-yil martga belgilangan. Lekin Skoneda qurilishga qarshi chiqishdi. Rasmiylarning fikriga ko‘ra, orol atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatadi.
“Eresunn — bu ajoyib ekologik muvozanatga ega bo‘lgan tor bo‘g‘oz. Biz uni bezarar saqlashimiz lozim. Qurilish natijasida bo‘g‘ozlarning ifloslanishi va suv oqimining kamayishi xavfi mavjud. Boltiq dengizi shundoq ham yaxshi holatda emas, shuning uchun biz boshqa o‘zgarishlarni xohlamaymiz”, — deyiladi Skone suv ta’minoti xizmati xabarida.
Mutaxassislar shved tomonining fikrini qo‘llab-quvvatlayapti. Ularning ta’kidlashicha, xavfli orolda joylashgan ko‘chmas mulk uy-joy masalasini hal qila olmaydi, chunki yuqori narx tufayli uni faqat boy xaridorlar sotib olishi mumkin. Ba’zi mutaxassislar ifloslanishdan aziyat chekayotgan, Atlantika okeaniga chiqish imkoniga ega bo‘lgan bo‘g‘oz holatiga e’tibor qaratdi va orolni qurish muammoni yanada kuchaytirishi mumkin deb taxmin qildi.
Lekin qurishni rejalashtirgan By&Havn kompaniyasi vakillari tanqidiy fikrlarga qo‘shilmadi. Ularning ta’kidlashicha, ular orolning atrof-muhitga ta’sirini diqqat bilan o‘rganib chiqdi va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni ahamiyatsiz deb atadi. By&Havn tasdiqlashicha, shved tomonining da’volari bilan tanishdi va qo‘shnilar bilan murosa qilishga va’da berdi.
Orolni qurish 2018-yilda reja qilingan. O‘shanda Kopengagen markazining shimolidagi portda 2,8 kvadrat kilometr maydon bilan uchastkani jihozlash va 2050-yilga qadar u yerda uylar qurish rejalashtirilgan edi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, u yerda 35 ming kishi istiqomat qilishi mumkin edi.
Izoh (0)