Shvetsiyalik ekologiya faoli Greta Tunberg AQSh prezidenti Jo Baydenning iqlim inqirozi bilan bog‘liq harakatlarini tanqid qildi. Bu haqda MSNBC telekanaliga tayanib Tengrinews xabar berdi.

Foto: Reuters

18 yoshli Tunbergning aytishicha, AQSh prezidenti iqlim o‘zgarishiga yetarlicha e’tibor qaratmayapti. Uning fikriga ko‘ra, Bayden bu masaladan atrof-muhitga chinakam yordam berish uchun emas, balki siyosiy manipulyatsiya uchun foydalanmoqda.

“Men oddiy o‘spirinman, shuning uchun bunday baholar berish vakolatiga ega emasman. Bu borada mening fikrim ahamiyatsiz. Ilm-fanni va Baydenning siyosati Parij kelishuviga mos keladimi yoki yo‘qmi yaxshiroq ko‘rib chiqing, haroratni 1,5 darajadan pastroq, hattoki 2 darajada ushlab turishga diqqatingizni qarating. Shunda bu yetarli emasligini yaqqol ko‘rishingiz mumkin”, — dedi Tunberg.

U Baydenga “iqlim inqirozini haqiqiy inqiroz sifatida ko‘rib chiqishni” maslahat berdi.

“Agar siz iqlim inqirozini inqiroz deb hisoblamasangiz, qanday qilib saylovchilarning qo‘llab-quvvatlashiga umid bog‘lashingiz mumkin. Odamlarning o‘zlari buni insoniyatga tahdid deb aytsa-da, ular shunchaki iqlim inqirozini siyosat deb biladi”, — deya xulosa qildi ekologiya faoli.

Bundan tashqari, Jo Baydenning “Iqlim inqirozidan chiqish uchun aholi salomatligini, atrof-muhitni muhofaza qilish va ilm-fanni tiklash to‘g‘risida”gi farmonni imzolagani uchun unga qarshi 12 ta shtat vakillari sudga da’vo bilan murojaat qilgan edi.

Da’voni Missuri shtati bosh prokurori Erik Shmitt qo‘zg‘atgan, keyinchalik uning Arkanzas, Arizona, Indiana, Kanzas, Montana, Nebraska, Ogayo, Oklaxoma, Janubiy Karolina, Tennessi va Yuta shtatlaridagi hamkasblar ham da’voga qo‘shilgan.

Eslatib o‘tamiz, Bayden prezident sifatida ish boshlagan birinchi kunidanoq Qo‘shma Shtatlarni uglerod gazlarini tubdan kamaytirishni nazarda tutadigan Parij iqlim shartnomasiga qaytishi to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi.