Braziliya rasmiy ravishda 1500-yilda portugaliyalik diplomat Pedro Alvares Kabral boshchiligidagi flot tomonidan kashf qilingan. Hindistonga qarab suzayotgan kemalar tasodifan, yo‘nalishdan adashib hozirgi Filo Salvador va Rio-de-Janeyro o‘rtasidagi Porto Seguroga kelib qolishgan. Sohilga chiqib yangi yerni kashf qilganiga ishongan Kabral, bu yerga Portugaliyaning ramziy xochini o‘rnatgan. Xo‘sh, mashhur kashfiyotchi Pedro Kabral kim edi va qanday qilib u Braziliyani kashf qildi? “Daryo” mazkur kashfiyot haqida hikoya qiladi.
Pedro Alvares Kabral 1467 yoki 1468-yillarda Portugaliyaning Belmonte shahrida tug‘ilgan. Uning yoshlik yillari haqida kam ma’lumot bo‘lishiga qaramay, biz uning ikkinchi o‘g‘il bo‘lganini va zodagonlar oilasidan chiqqanligini bilamiz. Uning oilasi qirollikda xizmat qilgani sababli, yosh Pedro qirol saroyida ta’lim olgan. 1497-yilda Portugaliya qiroli Manuel I uni iqtidorliligi va sodiqligi tufayli qirol kengashining a’zoligiga qabul qiladi. Aynan o‘sha yillarda portugallar dengiz yo‘llari orqali Afrika qit’asi atrofidan suzib o‘tishga urinib, Osiyo tomon yo‘l qidirishayotgan edi. Pedro Kabralning hamkasbi, kashfiyotchi Bartolomeu Dias 1488-yilda Afrikaning janubiy burni atrofidan suzib o‘tgan birinchi yevropalikka aylandi, ammo Osiyoga sayohatini yakunlay olmadi. Taxminan o‘n yil o‘tgach, 1497 va 1498-yillar orasida portugaliyalik bir tadqiqotchi Afrikani aylanib chiqdi va Osiyodan o‘tib, Hindistonning Kalkutta shahriga yetib keldi. Ushbu yutuq Portugaliya imperiyasi uchun tez va qulay bo‘lgan savdo yo‘lini ochdi. Ushbu kashfiyotni amalga oshirgan kashshof Vasko Da Gama edi.
Vasko Da Gamaning buyuk sayohatidan uch yil o‘tgach, Portugaliya qiroli Osiyoda Portugaliya uchun savdo portlarini yaratmoqchi edi. U ushbu ekspeditsiyani boshqarish uchun Pedro Kabralni tanladi. Qirol nima uchun Kabralni tanlaganiga boshqa zodagonlar tushuna olmadi. Sababi Kabralning dengizchilik tajribasi unchalik katta bo‘lmagan deb hisoblashardi. Ammo u qirol bilan qalin aloqadaligi va tojga sodiq kishi bo‘lgani uchun ham tanlangan degan taxminlar bor.
Hindistonda savdo aloqalarini o‘rnatishdan tashqari, Kabral katoliklikni tarqatish vazifasini ham bajargan. Katoliklik xristian dinining bir bo‘lagi bo‘lib, o‘sha paytda Yevropaning ko‘plab mamlakatlarida e’tiqod qilinardi. Asrlar davomida kashfiyotchilar borgan joylaridagi mahalliy dinlarning aksariyatini noto‘g‘ri deb hisoblashgan. Shuning uchun ular nasroniylikni mahalliy aholiga bosim o‘tkazib, ba’zan esa kuch bilan singdirilgan. Kabral nafaqat, Vasko Da Gama yo‘nalishi bo‘yicha yurib Afrikaning g‘arbiy qismidan Atlantika okeanini suzib o‘tishi kerak edi, balki suzib o‘tilgan joyda biron bir yer uchrab qolsa, bu yerni Portugaliya tomonidan egallangan deb e’lon qilishni va Portugaliya imperiyasini kengaytirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygandi. Kabral haqiqatan ham ulkan yerni topadi.
Braziliyaning tasodifiy ochilishi
Pedro Kabral 1500-yil 9-martda Portugaliyaning Lissabonidan suzib ketdi. Uning kemasi 13 kema va 1200 kishidan iborat edi, shu qatorda taniqli tadqiqotchi Bartolomeu Dias ham unga hamrohlik qilib, kemalardan birini boshqargan. Kabral va uning floti Afrika qirg‘og‘idagi Kanar orollari va Kabo-Verde orollari yonidan suzib o‘tdi. Ketganidan ko‘p o‘tmay, Kabralning kemalaridan biri yo‘qolgan va cho‘kib ketgan deb hisoblanadi. Kabral Afrikani aylanib, Hindistonga boradigan Vasko Da Gama yo‘lidan yurishi kerak edi. Biroq u tasodifan Afrikaning juda janubi-g‘arbiy qismidan Atlantika okeaniga qarab suzib ketdi. Ushbu tasodifiy xatolik uni Janubiy Amerika sohili va yevropaliklarga noma’lum yangi yerga olib keldi. Kabral qirg‘oqqa chiqqach, bu yer Hindiston emasligini tushundi. Sayyohlar Kabral haykali va uning parki joylashgan hozirgi Baxia shtati sohilidagi Portu Seguroda qo‘nim topdilar. U noma’lum va kashf qilinmagan orolga tushganiga ishongan, shuning uchun qirg‘oqqa chiqib bu yerni Portugaliya qirolligiga qarashli ekanini isbotlovchi katta yog‘och xochni o‘rnatdi. Biz bu mamlakatni bugun Braziliya deb bilamiz.Kabral Portugaliyaga o‘zining yangiliklarini aytib berish va yangi yer haqidagi tafsilotlarni bayon qilish uchun bitta kemani qaytarib yubordi. U va boshqa flotlar Terra-de-Vera-Kruzda 10 kun qoldi. Bu yerda Kabral turli xil mahalliy odamlar bilan muloqot qildi, tabiatini o‘rgandi va ma’lumotlar to‘pladi. Ba’zi manbalarda mahalliy aholi portugaliyaliklarning diniga qiziqqanligi eslatib o‘tilgan. Portugaliyalik dengizchilarning bir nechtasi hindularga qalaydan yasalgan xochlarini bo‘yinlariga taqish uchun berishdi. Kabral Hindistondagi missiyasini davom ettirishga tayyor edi. Ketishdan oldin u ekipajning ikki a’zosini bu yerni yanada chuqurroq o‘rganish uchun qoldirdi
Keyingi sayohatlar
Kabral va uning floti Janubiy Amerikani tark etib, janubi-sharqqa, Afrikadagi Yaxshi Umid burni tomon yo‘l oldi. Yo‘l davomida flot kuchli bo‘ronlarga duch keldi va jiddiy talafotlar ko‘rdi. 1500-yil 24-may kuni bo‘ron Kabralning to‘rtta kemasini, shu jumladan Bartolomeu Diasni olib ketayotgan kemani cho‘ktirdi. Dias va to‘rtta kemadagi barcha odamlar cho‘kib o‘ldilar. Qolgan oltita kemasi bilan Kabral Hindiston tomon yo‘l oldi. Ular yo‘lda Sofala, Mozambik va Kilva kabi bir qator Afrika portlarida to‘xtashdi. Savdo-sotiqda omadi kelmagan bo‘lsa-da, munosabatlarni yaxshilash uchun mahalliy aholi bilan do‘stona uchrashishdi. Shunday qilib, ular tez orada suzishlarni davom ettirib, oldinga qarab ketishdi.Nihoyat ular 1500-yil 13-sentyabrda Hindistonning Kalkuttasiga yetib keldi. Uning Kalkuttadagi o‘tkazgan vaqti qiyinchiliklarga to‘la edi. Sababi u yerda Arab savdogarlari va portugallar o‘rtasida nizolar odatiy hol edi. Bir vaqtning o‘zida bir nechta portugaliyalik erkaklar arablar tomonidan o‘ldirilgan. Kabral mazkur shaharni bosib olib, o‘nta arab kemasini qo‘lga kiritdi va keyin ularning ekipajini qatl etdi. Kabral boshqa Hindiston shaharlarida sayohat qilishni davom ettirdi va uyga qaytib borishdan oldin 1501-yilda mol va ziravorlar sotish va sotib olish bilan shug‘ullandi. U 1501-yil iyulda Portugaliyaning Lissabon shahriga yetib bordi.
Keyingi yillar va o‘lim
Pedro Kabralning Portugaliyaga qaytishi turli xil qabul qilindi. U Braziliyani kashf etdi va Hindistonda savdoni yo‘lga qo‘yishda yordam berdi. Biroq Hindistonda arab savdogarlari bilan munosabatlar yomonlashgani tufayli muammolari ko‘paydi. Bundan tashqari, Kabral sayohati davomida o‘z kemalari va ekipajining yarmidan ko‘pini yo‘qotdi. Shunday bo‘lsa-da, Portugaliya qiroli unga Hindistonga navbatdagi sayohati uchun buyruq berdi. Kabral bir necha oy davomida tayyorgarlik ko‘rdi, ammo ular ketishidan biroz oldin uning o‘rnini Vasko da Gama egalladi. Kabral qirol saroyini tark etdi va nafaqaga chiqdi. Keyinchalik oila qurib 6 farzand ko‘rdi va hayotining so‘ngigacha tinch hayot kechirdi. Buyuk kashfiyotchi 1520-yilda Lissabonda vafot etdi.Portugallarning iqtisodiy maqsadlari
Braziliyaning birinchi mustamlakachilarini qit’aning tub aholisining bir guruhidan bo‘lgan Tupinamba hindulari kutib olishdi. Portugaliyaliklarning asl maqsadlari oddiy edi: pau-braziliyadagi daromadli savdoni, shu yerda o‘sadigan daromadli qizil daraxtlarni (bo‘yoqlar ishlab chiqargani uchun foydalanilgan) monopollashtirish va doimiy aholi punktlarini barpo etish. Darhaqiqat, braziliya hindulari va portugallar daraxtlarni yig‘ishda birgalikda ishlaganliklari haqida dalillar mavjud. Keyinchalik, o‘rmonzorlarni qidirib topish uchun qit’aning ichki qismga sayohat qilish savdodan ko‘ra ham muhimlashdi. Qizil daraxtlardan tozalangan yerlarda plantatsiyalar tashkil etishga qiziqish ortdi va shu bilan birga ishchi kuchiga ehtiyoj bor edi. Portugaliyaliklar mahalliy hindularni qul qilib olishga urinishgan, ammo bir necha soat dalada ishlashga odatlanmagan va Yevropa kasalliklari bilan og‘rib, ko‘plab mahalliy aholi uzoqroqqa qochib ketgan yoki o‘lgan. (Kabral kelganida mahalliy aholi 3 milliondan oshiq edi; bugungi kunda ularning soni 200 ming atrofida qolgan.) Keyin portugallar ishchi kuchi sifatida afrikadagi qul savdosiga murojaat qilishdi.Abdulaziz Akramov tayyorladi.
Izoh (0)