Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida 1-mart kuni Toshkent shahridagi Inha universitetining birinchi yotoqxonasi talabalar uchun ochildi. Bu haqda universitet matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur talabalar yotoxonasi 200 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, ulardan 150 tasi o‘g‘il bolalar uchun, 50 tasi — qizlar uchun. Har bir turar joy qavatida istiqomat qiluvchilar uchun xonalar, shu jumladan, o‘quv xonalari mavjud.
Shuningdek, yotoxona muzlatkich, mikroto‘lqinli pech, plita, ovqatlanish xonasi kabi barcha kerakli uskunalar bilan jihozlangan oshxonalar, hammom, hojatxona, Wi-Fi nuqtalari va xavfsizlik tizimi bilan ham ta’minlangan.
Ta’kidlanishicha, yotoqxona ichki jihozlanishini samarali tashkil etish uchun Inha universiteti (Janubiy Koreya) tajribasi birinchi marta qo‘llanilgan.
Avvalroq Toshkentning Yunusobod tumanida besh nafar talaba o‘lik holda topilgani, ulardan biri Inha universitetining 1-bosqich talabasi ekanligi to‘g‘risida xabar berilgan edi. Fojiadan so‘ng ijarada yashayotgan talabalarning sharoitlari o‘rganiladigan bo‘ldi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 2-mart kuni o‘tkazilgan “Hukumat soati”da oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov talabalarning yotoqxonalarga bo‘lgan ehtiyoji haqida so‘z yuritib, hozirda respublikada mavjud 228 ta talabalar turar joyida 58 ming nafar talaba istiqomat qilayotganini ma’lum qilgandi.