Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi qotillik sodir etishga uringan shaxsni besh yilga ozodlikdan mahrum etdi, deb xabar beradi STV telekanali.
Sud raisi o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, erkak qo‘shnisi bilan orani ochiq qilib olish uchun qotil yollagan, ammo “killer” buyurtmani bajarish o‘rniga IIBga murojaat qilgan.
Huquq-tartibot organlari bilan hamkorlik doirasida o‘tkazilgan tadbirda qo‘shnining o‘limi sahnasi ijro etilgan va “marhum”ning surati “killer” tomonidan jinoyat buyurtmachisiga taqdim etilgan. Erkak sodir etilgan qotillik uchun pulni berayotganida ushlangan.
Aniqlanishicha, qo‘shnilar o‘rtasidagi kelishmovchilik 2017-yilning avgustida maishiy tortishuv natijasida yuzaga kelgan. Buning oqibatida ulardan biriga nisbatan Jinoyat kodeksining 105-moddasi (qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ma’lum bo‘lishicha, tadbirkor qo‘shni shu vaqtga qadar qo‘shnisiga bo‘lgan nafratini saqlab kelgan.
Avvalroq Surxondaryoda opa-ukalar kelini va uning onasini o‘ldirish uchun 3 million so‘mga qotil yollagani to‘g‘risida xabar berilgandi.