O‘zbekistonda 2021-yil yakunigacha og‘ir turmush sharoitiga tushib, boshpanasiz qolgan ming nafar ayol ijtimoiy ijara asosida uy-joy bilan ta’minlanadi. Buning uchun hududlarga mingta kvartira sotib olish uchun mablag‘ ajratiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘z yuritildi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
“Lekin, bu hammasi emas. Viloyat, tuman va shahar hokimlari joylardagi ahvoldan kelib chiqib, ijtimoiy ijarani kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha choralarni ko‘rishi kerak.
Misol uchun, hozirgi kunda xususiy sektor tomonidan ehtiyojmand oilalarga berilayotgan uylarning ijara haqining 50 foiziga subsidiya berishni yo‘lga qo‘yish mumkin. Birgina ‘Olx.uz’ elektron portalida oylik haqi 1 million so‘mgacha bo‘lgan 500 ta uyni ijara berish to‘g‘risida e’lonlar joylashtirilgan. Odamlar buning ichiga kirib, muhokama qilyapti va yaxshi qabul qilishdi. Yoki foydalanilmayotgan yotoqxonalar hokimiyatlar tomonidan ta’mirlanib, ijtimoiy ijaraga bersa ham bo‘ladi.
Moliya vaziri ikki hafta muddatda uy-joyni sotib olish va ijtimoiy ijaraga berish tartibini tasdiqlashi zarur”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari viloyat hokimlari bir oy muddatda eng muhtoj oilalar ro‘yxatini shakllantirib, ularni ko‘chirish choralarini ko‘rishini ta’kidladi.
Mavzuga doir:
- “2021-yilda 54 ming oilani uy-joy bilan ta’minlashimiz zarur” – Shavkat Mirziyoyev
- “Hokimlar bir kvadrat metr uy narxini 4 mln so‘mdan oshirmaslik uchun zarur choralarni ko‘rishi kerak” — Shavkat Mirziyoyev
- Shavkat Mirziyoyev: “Past daromadli aholi uy olish uchun dastlabki badalning 5 foizini to‘laydi, xolos”