O‘zbekistonda 2017—2020 yillarda davlat dasturlari asosida 140 mingta yoki yiliga o‘rtacha 35 mingtadan uy-joylar barpo etilgan bo‘lib, bu avvallari yiliga qurilgan o‘rtacha uy-joydan 5-6 baravar ko‘proqni tashkil etadi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2021-yilda respublikada uy-joy qurilishi va ipoteka bozorini rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlab o‘tildi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
“Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatimiz aholisining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish uchun yiliga kamida 100-150 mingta uy-joy qurish kerak. Bu havodan olingan gap emas, Jahon banki, mamlakatimizdagi mas’ul tashkilotlar tomonidan o‘rganilgan tahlillar natijasi. Shu bilan birga, loyiha va qurilish sifatini oshirish, sohani mablag‘ bilan ta’minlash va halol-pok ishlatish, malakali mutaxassislar tayyorlash kabi ko‘plab muammolar o‘z yechimini kutayotgani ham haqiqat.
Shu sababli, aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid yangi farmon tayyorlandi. Ushbu farmonda, eng muhimi, aholining barcha qatlamlarini uy-joy bilan ta’minlash va bu borada ularning tanlash imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilmoqda. Bizda qurilishda tanlash degan ibora umuman yo‘q edi shu paytgacha.
Birinchidan, 2021-yilda 54 ming oilani uy-joy bilan ta’minlashimiz zarur. Jumladan, davlat ipoteka dasturi doirasida jami 45 mingta yoki o‘tgan yilga nisbatan 2 baravar ko‘p uy-joylar quriladi.
Shundan:
- “Qishloq qurilish invest” va “Shahar qurilish invest” tomonidan 12 mingta;
- yangi tartib bo‘yicha Moliya vazirligi tijorat banklariga joylashtiradigan resurslar hisobiga 26,5 mingta kvartira;
- har bir viloyatda yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun 500 tadan, jami 6,5 mingta oilaga kredit ajratiladi.
Ta’kidlanishicha, jami 54 ming uy-joydan: Qoraqalpog‘istonda – 2 ming 290 ta, Andijonda – 4 ming 665 ta, Buxoroda – 3 ming 220 ta, Jizzaxda – 1 ming 670 ta, Qashqadaryoda – 3 ming 710 ta, Navoiyda – 1 ming 836 ta, Namanganda – 4 ming 25 ta, Samarqandda – 4 ming 479 ta, Surxondaryoda – 3 ming 989 ta, Sirdaryoda – 1 ming 414 ta, Toshkent viloyatida – 4 ming 46 ta, Farg‘onada – 4 ming 530 ta, Xorazmda – 3 ming 16 ta va Toshkent shahrida – 7 ming 556 ta uy-joy topshiriladi.
Bundan avval Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatining investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishgani hamda Prezident Namangandagi Mehribonlik uyiga tashrifi chog‘ida bag‘riga bosgan qizaloq oilasiga qaytgani haqida xabar berilgandi.