Germaniya mamlakatiga ishlash uchun 500 nafar O‘zbekiston fuqarosi tanlov asosida yuboriladi, deya xabar bermoqda Migratsiya agentligi.

Foto: “Daryo”

Qayd etilishicha, xorijda ishlash istagida bo‘lgan o‘zbekistonliklar chet elda xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat bilan band bo‘lishi hamda dunyoning rivojlangan davlatlarida munosib ish o‘rinlariga joylashtirilishi choralari ko‘rilmoqda.

Bu borada Germaniyaning vakolatli tashkilotlari bilan kelishuvga erishilib, dastlab 500 nafarga yaqin O‘zbekiston fuqarolarini “GfM Gruppe” agentligi orqali ushbu davlatda tibbiyot, qurilish, yo‘lsozlik, informatsion texnologiyalari, logistika, qariyalarni parvarish qilish, metall konstruksiyalari va boshqa texnik sohalarda mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun tashkiliy tartibda yuborish ko‘zda tutilmoqda.

Shu munosabat bilan, Germaniyada dastlab dual tizimida, ya’ni bir paytning o‘zida kasb o‘rganish va haq to‘lanadigan ishga, keyinchalik to‘liq ishga jalb qilish maqsadida ish beruvchilarning talablariga to‘g‘ri keladigan nomzodlarni aniqlash va ularning bazasini shakllantirish uchun O‘zbekiston fuqarolari taklif etiladi.

Nomzodlarga quyidagicha talablar qo‘yiladi:

  • 18-27 yoshgacha bo‘lishi;
  • maktab, litsey yoki kasb-hunar kollejini tamomlagan bo‘lishi;
  • nemis tilini kamida B1, ya’ni mustaqil muloqot qilish darajasida bilishi;
  • Germaniyada kamida 3 yil muddat davomida mehnat faoliyatini amalga oshirishga tayyor bo‘lishi;
  • odamlarga nisbatan ochiqko‘ngil va tez muloqotga kirishuvchan bo‘lishi;
  • sog‘lom va sudlanmagan bo‘lishi lozim.

Qayd etilishicha, ish vaqti 3 smenada 8 soatdan tashkil qilinadi. Sinov muddati — 6 oy.

Agar nomzod amaliyotdan muvaffaqiyatli o‘tmasa yoki kasb o‘rganishni davom ettirish uchun mos kelmaydigan deb hisoblansa, u o‘z mablag‘lari yoki sug‘urta xarajatlari hisobidan O‘zbekistonga qaytariladi.

Germaniyada ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga murojaat qilishlari mumkin.

Qo‘shimcha ma’lumotlarni 1282 qisqa yoki 71 202-33-55, 71 200-00-61 telefon raqami orqali olish mumkin.

Bundan avval O‘zbekistondan Kanadaga mehnat migrantlari yuborilishi rejalashtirilayotgani, o‘zbekistonliklar Saudiya Arabistoniga ishlagani yuborilishi mumkinligi hamda O‘zbekistonda xorijga chiqish pasporti uchun to‘lov miqdorini kamaytirish taklifi berilishi haqida xabar berilgandi.