“Moldova temir yo‘llari” (MTY) davlat korxonasi 12-fevraldan mahalliy va shahar atrofiga qatnaydigan poyezdlar harakatini to‘xtatadi. Bu haqda parlament komissiyasi majlisida berilgan bayonnomaga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.
Iqtisodiyot, budjet va moliya bo‘yicha parlament komissiyasi MTYning juda og‘ir moliyaviy ahvolini muhokama qildi.
Taqdim qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Moldovada faqat uchta shaharlararo yo‘nalish bor — Kishinyov—Ungeni, Kishinyov—Benderi va Belsi—Oknitsa. “Shu yo‘nalishda tashilayotgan yo‘lovchilarning 70 foizdan ko‘prog‘i temiryo‘l kompaniyasi xodimlari”, — dedi MTY vakili parlament yig‘ilishida.
“Mamlakatdagi yo‘lovchi tashuvchi poyezdlarning oylik qatnovi MTYga 9-12 million ley (taxminan 600-800 ming dollar) zarar keltiryapti. Kompaniya zarar ko‘ryapti. Bizni hech kim moliyalashtirmayapti. Poyezdlar ham eskirgan va yo‘lovchilarga xavf tug‘diradi. Yoz mavsumida ularning yonib ketishi holatlari kuzatiladi va bu yo‘lovchilar hayotini xavf ostiga qo‘yadi”, — ta’kidladi MTY vakili.
Kompaniya vakilining qayd etishicha, 2020-yil mart oyidan buyon koronavirus pandemiyasi sababli yo‘lovchi tashuvchi xalqaro poyezdlar, shuningdek, Kishinyov—Moskva, Kishinyov—Sankt-Peterburg, Kishinyov—Odessa kabi bir qancha foyda keltiruvchi yo‘nalishlar qatnovi to‘xtatilgan.
Temiryo‘lchilarning aytishicha, shunday vaziyatda ham kompaniya xodimlariga maosh to‘lashda davom etgan. Lekin oxirgi olti oydan buyon maoshlar to‘lanmayotgani sababli kompaniyaning qarzi 3 million dollarga yetdi.
Moliyaviy nazorat bo‘yicha parlament komissiyasi raisi Igor Muntyanuning ta’kidlashicha, 2018-2019-yillar mobaynida MTY direktorlar kengashining roziligi va qarorisiz 66 ming tonna qora metallni sotib yuborgan. Bundan tashqari, 168 million ley (taxminan 10 million dollar) qiymatidagi qora metalldan yasalgan g‘ildiraklar va boshqa buyumlar ham sotib yuborilgan, bu esa talon-toroj riskini oshirgan. Shuning uchun MTYning qarzdorligi 500 million leyga (taxminan 30 million dollar) yetdi.
“Ish haqi bo‘yicha qarzdorlik mavjudligi sababli MTYning hisoblari bloklangan. Bir necha oy davomida ish haqi bo‘yicha mavjud bo‘lgan qarzdorlik ushbu korxonaning inqirozga qarshi kurashish boshqaruvi uchun juda muammoli vaziyatni keltirib chiqardi”, — dedi Muntyanu.
Uning ta’kidlashicha, “boshqaruvdagi kamchiliklar va yo‘l qo‘yilgan xatolar uchun kimdir javobgarlikni bo‘yniga olishi kerak, aks holda xalq o‘zini himoyalanganini his qilmaydi”.
Izoh (0)