O‘zbekiston Prezidentining 30-yanvardagi farmoni bilan Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov lavozimidan ozod etilgandi. Bloger va huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning yozishicha, sobiq hokim Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi lavozimiga saylanishi kutilmoqda.
“Aytishlaricha, Toshkent viloyatining sobiq hokimi Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi lavozimiga saylanishi mumkin ekan. Bugun kasaba uyushmalarining Plenum yig‘ilishida ushbu masala ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan”, — deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan Davron Hidoyatov Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.
Avvalroq uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri sifatida ishlab kelgan Muzaffar Soliyev “faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklar, qayta-qayta ogohlantirishlarga qaramay tegishli xulosa chiqarmagani uchun” egallab turgan lavozimidan ozod qilingandi. 15-yanvar kuni esa u Nurafshon hokimi etib tayinlangan edi.
Mavzuga doir: Olmazor tumani hokimi Baxtiyor Rahmonov Toshkent shahri hokimining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi