O‘zbekistonda ishlash uchun akkreditatsiya berilmagan va Tashqi ishlar vazirligi xodimi unga shilqimlik qilganini ta’kidlagan polshalik jurnalist Agneshka Pikuliska haqida xabar berilgan edi. TIV matbuot xizmati ushbu masala yuzasidan munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, 2-fevral kuni Tashqi ishlar vazirligida vazirlik Matbuot kotibi A.Xodjimetov va ilgari TIV huzurida Al-Jazeera telekanali muxbiri sifatida akkreditatsiyadan o‘tgan Agneshka Pikulitska o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida uning akkreditatsiyasi va bo‘lib o‘tgan voqea bilan bog‘liq qo‘shimcha holatlar aniqlandi. Chet ellik jurnalistdan hodisa uchun uzr so‘raldi.
Mazkur muxbir tomonidan tilga olingan vazirlik xodimi esa Tashqi ishlar vazirligi tizimidan bo‘shatildi.
Agneshka Pikulitskaning jurnalistik akkreditatsiyasini rasmiylashtirish jarayoni 2021-yil 3-fevral kuni yakunlanadi.
Eslatib o‘tamiz, Agneshka Pikuliska-Vilchevska — Toshkentda faoliyat yurituvchi mustaqil jurnalist. U The Diplomat, Guardian, Al Jazeera, Eurasianet va boshqa ko‘plab ingliz hamda polyak tillaridagi xalqaro nashrlar uchun maqolalar yozadi. U Ayol jurnalistlar Koalitsiyasining a’zosi. Bundan tashqari, u Toshkentdagi Vebster universitetida ham dars bergan.
1-fevral kuni u O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi unga akkreditatsiya berishni rad etganini o‘zining Twitter’ida ma’lum qilgan. Uning aytishicha, bunga sabab “uning akkreditatsiya qilingan OAVdan boshqa OAV uchun ham ishlashi bo‘lgan”. TIV akkreditatsiya bo‘yicha javobni qonun bo‘yicha 2 oyda emas, balki 6 oyda bergan.
Jurnalist 2020-yil akkreditatsiya olganidan so‘ng Tashqi ishlar vazirligidan biriktirilgan “Rustam” ismli xodim unga tegajog‘lik qilib, uni o‘pmoqchi bo‘lganligini aytgan. U rad javobini olgach ham, udan uchrashishni so‘rab yozavergan. Bundan tashqari, TIV xodimi “salbiy yangiliklar ko‘payib ketgan”i sababli undan karantin haqida ijobiy maqola yozishni so‘ragan.
Keyin jurnalist uning ustidan shikoyat yozishini atgan. Shundan so‘ng TIV xodimi Telegram’dagi yozishmalarni o‘chirgan. Shikoyat bo‘yicha esa Agneshka Pikuliskaga hech kim javob qaytarmagan.
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva ushbu holatga munosabat bildirib, ushbu hodisa puxta o‘rganilib, tahlil qilinishi, tegishli choralar ko‘rilib, aybdorlar jazolanishini ma’lum qilgandi. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov ham bunga munosabat bildirib, bu shikoyati juda jiddiy xavotir uyg‘otganini aytdi.
2-fevral kuni Agneshka Pikuliska vazirlik vakillari bilan uchrashgan, ammo unga tegajog‘lik qilgan Rustam ismli kishini bir necha marta TIV binosida ko‘rgan bo‘lsa ham, vazirlikda uni hech kim tanimagandi.