Nike kompaniyasi qo‘l yordamisiz kiyib-yechish mumkin bo‘lgan krossovkalar taqdim qildi. Bog‘ichlari bo‘lmagan mazkur poyabzalni kiyish uchun oyoqlarni unga tiqishning o‘zi kifoya.
Nike GO FlyEase deb nomlangan modelning old va orqa qismi elastik lenta yordamida ulangan bo‘lib, sharnir (oshiq-moshiq) mexanizmi sabab krossovkaning tovon qismi bosilsa, orqa tomoni old qismi bilan birikadi. Barcha oyoq kiyimlar tekstil mato va texnologik setkadan ishlangan. Tagligining old va orqa qismlariga alohida-alohida urilish va zarblarni yumshatadigan yostiqchalar o‘rnatilgan.
Yangi krossovkalar uch xil: och rangda, to‘q ko‘k va siyohrang aralash rangda hamda qora ranglarda taqdim qilinadi. Nike dizaynerlari ushbu model birinchi navbatda imkoniyati cheklanganlar uchun mo‘ljallanganligi, ammo boshqalar uchun ham qulaylik keltirib chiqarishini ta’kidlagan.
GO FlyEase krossovkalarini ishlab chiqish va sinash jarayonida homiladorligining so‘ngi davrida bo‘lgan ayollar ishtirok etgan. Dizayner va paralimpiyachi Sara Raynertsen supermarket eshiklarining avtomat ochib-yopilishi jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar, bolasini kolyaskada olib yuradigan va boshqalar uchun qulayligini aytib, krossovka ishlab chiqarishdan maqsad ham shunday insonlar hayotini osonlashtirish va yengillashtirishdan iborat ekanligini qo‘shimcha qilgan.
15-fevraldan sotuvga chiqarilishi kutilayotgan poyabzallarni avvaliga faqat Nike klubining tanlangan a’zolari, 2021-yilning so‘ngiga kelib esa barcha xarid qilishi mumkin bo‘ladi. Uning taxminiy narxi 210 dollarni tashkil qiladi.
Mavzuga doir:
- Adidas 80-yillar filmidan ilhomlanib, mo‘ynali krossovkalarni sotuvga chiqardi
- Kanye Uest Yeezy krossovkalarining yangi modeli surati bilan bo‘lishdi. Poyabzal ijtimoiy tarmoqda memga aylandi
- Balenciaga 5390 dollarlik krossovkani taqdim etdi. U kiyishga mo‘ljallanmagan
- Reebok o‘yinchoq askarchalardan ilhomlangan holda yaratilgan krossovka modelini taqdim qildi
- Reebok va BAIT “O‘yinchoqlar tarixi” multfilmiga bag‘ishlangan krossovkalarni taqdim etdi