Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi ota voyaga yetmagan farzandi uchun uning voyaga yetgunga qadar hisoblangan aliment pullarini 6 ming dollar qilib, oldindan to‘lab berdi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri Umidjon Mamarasulov.
MIB Andijon viloyati boshqarmasi axborot xizmatining aniqlik kiritishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘rg‘ontepa tumanlararo sudining 2014-yil 9-oktabrdagi ijro hujjatiga asosan qarzdor M.X.dan undiruvchi N.X. foydasiga voyaga yetmagan bir nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun har oy topgan daromadining 25 foizi miqdorida aliment undirish belgilangan. MIB tuman bo‘limi tomonidan ijro ishi yuritilgan bo‘lishiga qaramasdan, fuqaro aliment to‘lovlarini to‘lamay kelgan.
Bo‘lim xodimlarining tushuntirish ishlari natijasida qarzdor ota farzandining ta’minoti uchun u voyaga yetgunga qadar hisoblangan jami aliment pullarini 6 ming dollar ko‘rinishida to‘lab berishga qaror qilgan. Natijada ijro hujjati amalda to‘liq ijro qilinganligi munosabati bilan ijro ishi tamomlangan.
Shuningdek, MIBning Marhamat tuman bo‘limi xodimlari Asaka tumanlararo sudining 2013-yil 30-martdagi qaroriga asosan qarzdor G.A.dan undiruvchi G.O. foydasiga ikki nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun to‘lanmay kelingan 22 million so‘m aliment pulini undirishda yordam bergan.
Qo‘shimcha qilinishicha, qarzdor dastlab 10 million so‘m, so‘ngra 2 ming dollar ko‘rinishida aliment pulini to‘lab bergan. Sobiq er-xotin o‘rtasida kelishuvga erishilgach, G.O.ning arizasiga muvofiq ijro ishi tamomlangan.