Andijon viloyatining Izboskan tumanida Cobalt haydovchisi velosipedchini urib yubordi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Umidjon Mamarasulov.
Andijon viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot guruhi inspektori Doniyor Aliyevning aniqlik kiritishicha, 2021-yil 31-yanvar kuni soat 21:00 da Izboskan tumani “Qorayantoq” mahallasi hududidan o‘tuvchi davlat ahamiyatiga ega 4R-132 “Poytug‘—Paxtaobod” avtomobil yo‘lining 12-kilometrida YTH sodir bo‘lgan.
Cobalt’ning 43 yoshli haydovchisi yuqori tezlikda harakatlanib kelib, yo‘l chetida velosiped boshqarib ketayotgan 34 yoshli fuqaroni urib yuborgan. Oqibatda velosiped haydovchisi og‘ir tan jarohati olib, tuman shoshilinch tez tibbiy yordam shifoxonasiga joylashtirilgan. Biroq ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, velosiped haydovchisi olgan tan jarohatlari sababli vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Izboskan tumani IIB tomonidan dastlabki tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
YTH sababi va oqibati viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Saidolim Zingirov boshchiligida jamoatchilik o‘rtasida muhokama qilingan va tegishli vazifalar belgilab olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryoda Nexia avtomobili velosiped haydovchisini urib ketgani va haydovchi vafot etgani haqida xabar berilgandi.