HMD Global kompaniyasi Nokia smartfonlari 2019-yilning aprelida katta ekranlarga chiqishi kerak bo‘lgan Jeyms Bond haqidagi yangi “O‘lish vaqti emas” filmida taqdim etilishini ma’lum qilgandi. Biroq rejissorning loyihadan ketishi, keyinroq butun dunyoda tarqalgan pandemiya film premyerasini 2021-yil apreliga qadar surishga majbur qildi. Endi esa kutilmagan sababga ko‘ra, film taqdimoti yana boshqa sanaga ko‘chirilgani aytilmoqda, deb xabar beradi IXBT.

Foto: IXBT

Gap shundaki, filmda turli brendlarning reklama mahsulotlari namoyish etilgan, biroq uning taqdimoti ikki yilga kechiktirilgani sabab filmda namoyish etilgan ko‘plab texnologiya va mahsulotlar eskirgan.

O‘z mahsulotlarini filmlar orqali targ‘ib etuvchi kompaniyalar yulduzlar eng istiqbolli mahsulotlardan foydalanishini xohlaydi. Bu ularning bozordagi piari uchun xizmat qiladi va film muxlislariga sotish imkonini beradi. Kino sanoatidagi insayderning ma’lum qilishicha, Jeyms Bond haqidagi filmning ayrim sahnalarini aynan shu sabab o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi. Film avvalida Nokia 8.3 5G paydo bo‘lishi kerak, biroq u o‘tgan yili taqdim etildi, shu sababli Jeyms Bond qo‘liga boshqa gadjetni olishga majbur. Hozircha bu qaysi model bo‘lishi noma’lum.

Manbaning qo‘shimcha qilishicha, brendlar reklamasining talabiga ko‘ra, filmda namoyish etilgan reklama mahsulotlari yaxshilab bo‘yalishi, sahnalar esa qayta suratga olinishi yoki yangi mahsulotlarni qo‘shgan holda tahrirlanishi kerak.

Endilikda film namoyishi 2021-yil oktabrga mo‘ljallanmoqda.