Chili o‘z hududida tez-tez halokatli zilzilalar sodir bo‘lishi bilan mashhur. Shunday zilzilalardan biri 1939-yil 24-yanvar kuni Chilining janubi hamda markaziy qismida sodir bo’lgan. Falokat ba’zi manbalarga ko‘ra 50 000 kishini hayotdan olib ketgan Chilidagi eng qonli zilzila bo‘lgan. “Daryo” sana munosabati bilan ushbu zilzila va uning oqibatlari haqida hikoya qiladi.
Zilzila qanday sodir bo‘ldi?
Zilzila 23:32da Chili yaqinida kuchli silkinish bilan boshlanib, qisqa fursatda 3500 ga yaqin uyni vayronaga aylantirdi. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra mutaxassislar uning quvvatini 7,8 dan 8,3 ballgacha baholaydilar. Zilzila episentri Chili shahridan bir necha kilometr uzoqlikda bo‘lib, uning fokus chuqurligi 60 kilometrni tashkil etgan.Zilziladan keyin ham birmuncha vaqt davom etib turgan unchalik kuchli bo‘lmagan silkinishlar natijasida umumiy talafot ko‘lami oshdi – hududdagi binolarning deyarli barchasi, jumladan, uylarning 95 foizga yaqini butunlay yaroqsiz holatga kelib qoldi. Zilzilaga guvoh bo‘lgan va u sodir bo‘lgan vaqtda teatr zalida bo‘lganlar teatr katta qandilining “tomosha ko‘rsatganini” va vahimaga tushgan odamlar zinapoyalar orqali tashqariga tomon qochishganini eslaydilar. Ammo o‘sha vaqtda zinapoyalar yorilib, ko‘plab odamlarning umriga zomin bo‘lgan. Manbalarda teatr qurbonlari 300 kishini tashkil qilganligi qayd etiladi. O'Higgins va Anibal Pinto xiyobonlari kesishgan joyda jasadlar to‘planib qolgan, keyinchalik ular qabristonlarga olib borilgan va katta yer uchastkalariga ko‘milgan. Zilzila natijasida shahar bo‘ylab elektr energiyasi butunlay uzilib qolgan, shaharning turli joylarida o‘nlab yong‘inlar kelib chiqqanligi qayd etilgan. Asosiy elektr stansiyasini ko‘chadan qo‘riqlayotgan tungi qo‘riqchi elektr uzatish liniyalari uzilib, odamlar harakatlanayotgan yo‘lda qulab tushganini ko‘rib qoladi va shoshilinch ravishda stansiyaga yetib borib, tugmachani o‘chirib qo‘yadi. U yuzlab odamlarni elektr toki urishidan saqlab qoladi, ammo ko‘p o‘tmay zilzila natijasida qulab tushgan elektrostansiya binosi uning o‘zining hayotiga zomin bo‘ladi.
Ichimlik suvi ta’minoti tizimi ham katta zarar ko‘rgan. Shahar bo‘ylab moddiy zarar uch milliard pesodan oshgan. Shaharning eng e’tiborga molik nuqtasi – Mustaqillik maydoni jiddiy zarar ko‘rgan. Uning ikki minorasi shunday xavfli ko‘rinishda egilib qolgan ediki, ularni buzishdan boshqa chora yo‘q edi. Yana bir zarar ko‘rgan bino eski Konsepshn markaziy stansiyasining birinchi binosi edi. Shuningdek, markaziy bozor va pochta aloqasi binosi ham butunlay xarobaga aylangan.
Chili sobori shaharning asosiy binolardan biri bo‘lgan, ammo zilzila natijasida u butunlay vayrona holiga kelib qolgan edi. Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, hozirgi vaqtda sobor kuchli zilzila paytida bardoshli bo‘lishi uchun qayta qurilgan.
Chili prezidenti Pedro Aguire Cherda zilziladan so‘ng zarar ko‘rgan hududlarga tashrif buyurgan va Santyagoga qaytib kelganidan keyin achinish bilan “mamlakatning eng boy va obod mintaqalaridan biri xarobaga aylandi” degan edi.
Zilzila faqat o‘n beshta binogagina deyarli zarar yetkazmadi, ular orasida Ispaniya banki binosi, Arms maydonidagi dorixona binosi, Kuvakovich va Echeveria uylari bor edi.
Qurbonlar
1939-yil 24-yanvarda Chilida sodir bo‘lgan zilzila o‘limlar miqdori bo‘yicha achinarli antirekord o‘rnatdi, uning oqibatida halok bo‘lganlar soni 50 ming kishini tashkil etdi. Bundan tashqari 60 ming kishi jarohat oldi, 700 ming kishi boshpanasidan ayrildi. Janubiy Amerika tarixidagi biron bir zilzila 1939-yil 24-yanvardagi zilzila singari ko‘p odamning hayotiga zomin bo‘lmagan edi. Yuzlab konlar qulab tushdi, voqea sodir bo‘lgan paytda ularda ishlayotgan konchilar tiriklayin ko‘milib ketdilar. Zilzila to‘xtaganidan uch daqiqa o‘tgach shahardagi yuzlab binolardan atigi uchtasi omon qolgan edi. Qurbonlar haqidagi faktlarni o‘rganishda duch kelinadigan eng dahshatlisi shuki, halok bo‘lganlarning deyarli 70 foizdan ortig‘ini bolalar tashkil etar edi. Shafqatsiz tabiiy ofat 50 ming bola – shaharning deyarli butun yosh avlodining shafqatsiz qotiliga aylandi.Zilziladan so‘ng
Halokatli zilziladan so‘ng mamlakatni tiklash va sanoatlashtirish, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va qazib olish sanoatini rivojlantirishga ko‘mak berish uchun Chili sanoatni rivojlantirish korporatsiyasi (CORFO) tashkil etildi. 1939-yilgi zilziladan tashqari Chili o‘z joylashuv hududi tufayli tarixan bir necha bor, jumladan, 1751, 1835, 1953, 1960 va 2010-yillarda kuchli zilzilalarning guvohi bo‘lgan, ammo ularning hech biri 1939-yil 24-yanvardagi zilziladay kuchli tus olmagan.Dilbar Ismatullayeva tayyorladi.
Izoh (0)