BAAdagi (Abu-Dabi) “Jangchilar oroli”da 20-yanvar, chorshanba kuni UFC Fight Island 8 musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda.

Foto: Getty Images

O‘zbekistonlik yakkakurashchi Zarruh Adashev (3-3) mazkur kechada UFC’dagi ikkinchi jangini o‘tkazdi. Unga xitoylik Su Mudaerji (14-4) raqib bo‘ldi.

Birinchi raund o‘rtacha tempda o‘tdi va xitoylik yakkakurashchi biroz faolligi tufayli raundni o‘z foydasiga hal qildi. Ikkinchi raundni o‘zbekistonlik sportchi yomon boshlamadi va vaziyatlarning birida raqibini muvozanatdan chiqarishga ham muvaffaq bo‘ldi. Biroq raundning ikkinchi yarmida Adashev bir nechta jiddiy zarbalarni o‘tkazib yubordi.

Uchinchi raundda Zarruh sezilarli daraja faollashdi va uni o‘z foydasiga hal qildi. Yakunda hakamlar bir ovozdan Su Mudaerjining g‘alabasini qayd etdi — (29:28, 29:28, 30:27).

Jangni mana bu havola orqali tomosha qilish mumkin — VIDEO.

Shu tariqa Adashev promoushendagi ikkinchi jangida ham mag‘lubiyatga uchradi. Avvalroq Zarruh debyut jangida Tayson Nemga qarshi oktagonga chiqib, ilk raunddayoq nokautga uchragandi.

Mavzuga doir: Umar Nurmagomedov UFC’dagi debyut jangida qozog‘istonlik raqibini 2-raunddayoq taslim qildi

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!