“Daryo”ni Telegram’da o‘qing! Join!
10:23, 13.01.2021 38169

“Zita va Gita” filmidagi qahri qattiq Kaushalya – Manoramaning hayoti qanday kechgan? (foto)

Bolalar aktrisasi, qahramon, yovuz ayol va komediya aktrisasi – Manorama deyarli umrining 60 yilini hind kinematografiyasida o‘tkazdi. Ko‘plab tomoshabinlar aktrisani “Zita va Gita” filmidagi Zitani qiynoqqa solgan Kaushalya obrazida yodga oladi.

Foto: “Yandeks Dzen”

Manorama 1926-yil 16-avgustda Laxorda dunyoga kelgan. Uning onasi irland, otasi esa nasroniy-hindu bo‘lgan. Manoramaning asl ismi Erin Issak Deniels bo‘lib, tug‘ilganda cho‘qintirilgan. Uning ota-onasi musiqa bilan shug‘ullangan, shuning uchun Erin mumtoz raqs va musiqani o‘rganib ulg‘aygan.

Foto: “Yandeks Dzen”

U juda yoshligidan sahnalarga chiqishni boshlagan va bir kuni taniqli rejissor R.K.Shorining nazariga tushgan. Qizning raqslarini ko‘rgan rejissor otasidan bo‘lajak aktrisani filmlarda rol ijro etishiga ruxsat olgan va unga Manorama ismini bergan. O‘sha vaqtda u 10 yoshda edi. U birinchi bo‘lib, “Xazanchi” filmida suratga tushgan. Yillar davomida Manorama Panjobda eng talabgor aktrisalardan biriga aylangan. Shundan so‘ng u “Champa”, “Badnami”, “Chunariya” filmlarida o‘sha davrning taniqli aktyorlari – Majnu, Nissar va Vasti kabilar bilan birga rol ijro etishga muvaffaq bo‘lgan.

Foto: “Yandeks Dzen”

Hindiston bo‘lingach, aktrisaning Mumbayga ko‘chib o‘tishiga to‘g‘ri kelgan. Yangi joyda hayot uchun kurashdan qiynalgan aktrisa umidini uzayotgan vaqtda unga aktyor Chandramoxan yordam qo‘lini cho‘zgan. U nafaqat Manoramaning Mumbayda qolishiga ko‘ndirgan, balki uni turli prodyuser va rejissorlar bilan ham tanishtirgan.

Foto: “Yandeks Dzen”

Oradan vaqt o‘tib, birin-ketin aktrisaga takliflar tusha boshlagan, ammo barcha rollar ikkinchi darajali edi. Manorama juda yosh vaqtida aktyor al-Nosirga turmushga chiqqan, 20 yoshida esa ular ajrashib ketgan. Keyinchalik hayot yo‘lini aktyor Rajan Xaksar bilan bog‘lagan. Ularning Rita Xaksar ismli qizi bor. Rita ham 1973-yilda “Suraj va Chanda” filmida rol ijro etgan, ammo turmushga chiqqanidan so‘ng kino olamini tark etgan.

Foto: “Yandeks Dzen”

Manoramaga salbiy rollar bo‘yicha ketma-ket takliflar tusha boshlagan. “Ko‘zlarim shafqatsizlarcha qisilar, hatto ovozim xirilloq ohangda edi”, − deydi aktrisa intervyularning birida.

Foto: “Yandeks Dzen”

Komik qahramon rolida u ketma-ket “Million rupiya”, “Ikki gul”, “Gul va ikki bog‘bon”, “Bombeydan Goaga” hamda “Zita va Gita” filmlarida suratga tushgan.

Foto: “Yandeks Dzen”

O‘tgan asrning 70-yillariga kelib, unga deyarli rol taklif qilinmay qo‘ydi. 80-yillar ham aktrisa uchun juda og‘ir kechgan. U ko‘p yillik turmushidan ajrab, yolg‘iz yashashga majbur bo‘ldi. Faqatgina “Uchrashuv” filmida kichik rolda ko‘rinib, shundan so‘ng yana ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan.

Foto: “Yandeks Dzen”

80-yillar oxiri va 90-yillarning boshida aktrisa hind seriallarida ish boshlagan. Dehliga ko‘chib kelib, Shoxruh Xon ishtirok etgan “Dustak” serialida rol ijro etgan.

Foto: “Yandeks Dzen”

2000-yillarning boshida aktrisani Balaji Telefilms ishlab chiqargan “Kashti” va “Kundali” filmlarida ko‘rish mumkin. 2005-yil Manorama “Suv” filmida suratga tushgan va tanqidchilar uning chiqishidan hayratda qolgan.

Foto: “Yandeks Dzen”

Aktrisaning so‘zlariga ko‘ra, bu uning birinchi va oxirgi tanlovi bo‘lgan. Filmni suratga olish ishlarida muammolar bo‘lgani tufayli oradan 5 yil o‘tib davom ettirilgan, ammo aktyorlar tarkibi o‘zgartirilgan. Bu Manoramaning so‘nggi roli edi. Karyerasi mobaynida 150 ta filmda suratga tushgan aktrisa 2008-yil 15-fevralda vafot etgan. Afsuski, kino sanoati vakillaridan birortasi ham Manoramani so‘nggi yo‘lga kuzatishga kelmagan.

Izoh qoldirishdan avval, qoidalar bilan tanishib oling: http://dy.uz/QbkeZ