Bundan 69 yil muqaddam, 1951-yil 10-yanvarda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi binosi ochilgan edi. “Daryo” sana munosabati bilan ushbu bino tarixiga to‘xtaladi.
1945-yilning 26-iyun sanasida 50 mamlakatning vakillari BMT nizomini tasdiqladi. Franklin Delano Ruzvelt yangi tashkilotga BMT deya nom berishni taklif qildi. Ruzvelt taklif qilgan nom barcha yig‘ilgan ishtirokchilarga ma’qul keldi va barcha bir ovozdan yangi davrning yangi tashkilotini BMT deb atashni ma’qul topdi. Biroq tashkilot ishlashi uchun muqim joy kerak edi. Shunda amerikalik magnat Jon Rokfeller sakkiz million dollarga baholangan 18 akrlik yer maydonini yangi tashkilotga sovg‘a qilishga ahd qildi. Shu bilan BMT binosini qurish ishlari boshlanib ketdi. Bino bitgunga qadar tashkilot o‘z yig‘ilishlarini Long Aylenddagi Leyk Sakses shaharchasida o‘tkazib turishi belgilab olindi.
1947-yilning noyabr oyida BMT binosining me’morchilik uslubi qanday bo‘lishi borasida reja tasdiqlandi. BMT binosi rejaga ko‘ra, to‘rt binodan iborat bo‘lishi lozim edi: Kotibiyat binosi, Bosh Assambleya binosi, konferensiyalar binosi va kutubxona binosi. Binoni esa 11 me’mordan iborat o‘z sohasining taniqli ustalari loyihalashtirdi. Me’morlar orasida Nikolay Basov – Sovet Ittifoqi, Gaston Bryunfo – Belgiya, Xulio Villamaxo – Urugvay, Ernest Kormye – Kanada, Le Korbyuzye – Fransiya, Lyan Syu Che – Xitoy, Sven Markelius – Shvetsiya, Oskar Nimeyer – Braziliya, Xovard Robertson – Buyuk Britaniyadan tashrif buyurganlar bor edi.
Bu guruh bir yil mobaynida bo‘lg‘usi binoning ellikdan ortiq loyihalarini taqdim qildi. Lekin eng asosiy raqobat braziliyalik Oskar Nimeyra va fransuz Le Korbyuzye o‘rtasida kechdi. Nimeyraning loyihasi ko‘pchilikda ijobiy taassurot qoldirgani o‘zini iqtidorli, mahoratli me’mor deb bilgan Le Korbyuzyening qalbida rashkni ham keltirgani bor gap. Raqobat esa nihoyatda ijobiy yakunlandi. Me’morlar kelishib, bir yoqadan bosh chiqarib, yangi davrda yaqin o‘tmishdagi xatolardan saboq olgan holda urushlarning paydo bo‘lishiga g‘ov bo‘lguvchi tashkilot binosini qurilish ishlariga sho‘ng‘ib ketdi.
Bino qurilishi uchun AQSh hukumati 65 million dollar miqdorida mablag‘ ajratdi. G‘isht qo‘yish rasmiy marosimi 1949-yilning oktabr oyida bo‘lib o‘tdi. Bino qurilishida ishlatilgan ohaktoshlar Buyuk Britaniyadan, marmar Italiyadan, ofis jihozlari esa Fransiyadan, stul va matolar Chexoslovakiya va Gretsiyadan, daraxtlar esa Belgiyadan olib kelindi.
Besh yil davom etgan qurilishlari nihoyasiga yetib 1952-yilda BMTning yangi binosi Nyu-York sharida qad rostladi va shaharning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shgan binolardan biriga aylandi. Ayni paytda BMT kotibiyati binosi 39 qavatdan iborat bo‘lib, balandligi 154 metrni tashkil qiladi. Kotibiyat binosida BMT yuqori rasmiylarining, diplomatik vakolatxona xodimlarining ofislari, xavfsizlik kengashi majlislari o‘tkaziladigan konferensiyalar zali va Bosh Assambleyaning boshqa binolari qad rostlaydi.
Bino old tarafida esa favvora va Dag Xammarshyoldening haykali o‘rin olgan. Dag Xammarshyolde 1953-yildan to umrining oxiriga qadar BMTning bosh kotibi sifatida faoliyat ko‘rsatgan shaxs edi. Katta ko‘cha bo‘ylab esa BMTga a’zo mamlakatlarning bayroqlari qadab chiqildi. Kotibiyat bino orqasida esa mo‘jaz Rose Garden joylashgan bo‘lib, bu hududdan Nyu-Yorkning Ist Riveri va Kvinsi manzarasini tomosha qilish mumkin bo‘ladi. Kvins Nyu-Yorkning aholisi ko‘pligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadigan shaharchasi hisoblanadi.
1961-yilda BMT majmuasiga kutubxona binosi ham qo‘shildi. Kutubxonaga Dag Xammarshyold nomi berildi. Dag Xammarshyold 1956-yilda Misrda urush kelib chiqqan paytda BMTning dastlabki tinchlikparvarlik kuchlarini tashkil qilgan BMT bosh kotibi sifatida ham tarixda qoldi.
BMT kutubxonasida BMT va Ikkinchi jahon urushiga aloqador ko‘plab tarixiy manbalar, asarlar, hujjatlar saqlanadi. BMT har yili turli uchrashuvlar, xavfsizlik kengashida ko‘rilgan masalalarni o‘zida jo qiladigan maxsus The Yearbook UN jurnalini chop qildi va ularni BMT kutubxonasida saqlash uchun yubordi.
Nyu-yorkliklar BMT binosini hazilomuz tarzda “gugurt qutisi” deb ham atashadi. Sababi, kotibiyat joylashgan ko‘p qavatli binoning yashil rangi o‘z uslubiga ko‘ra gugurt qutisini ham esga soladi.
Sovg‘alar makoni
BMT xalqaro muhim va ziddiyatli muammolarni hal qiladigan joy bo‘lish bilan birgalikda, o‘ziga xos bo‘lgan muzey hamdir. Turli siyosatchilar, tashkilotlar, oliy martabali davlat rahbarlari BMTga turli sovg‘alar berib turadi. Bu sovg‘alarni binoning ichida ham, tashqarisida ham ko‘rish mumkin.
BMT maydonida ko‘zga tashlanadigan eng mashhur sovg‘alardan biri bu “Non-Violence” – “Kuch ishlatmaslik” nomi bilan ataladigan uchi eshilgan to‘pponcha monumenti hisoblanadi. Mazkur san’at asari shved haykaltaroshi Karl Reytersverd ijodiga mansub bo‘lib, ijodkor mazkur asarini mashhur musiqachi Jon Lennoning o‘ldirilishiga nafrat sifatida yaratgan edi. Suratga sinchiklab razm solinsa, u Kolt rusumli to‘pponcha ekanini fahmlasa bo‘ladi.
2015-yilda BMT binosi oldida “Qaytish ilinji” nomli haykal paydo bo‘ldi. Bu san’at asari esa qul savdosining qurbonlari bo‘lgan 15 milliondan ortiq qullikka mahkum qilingan qora tanli erkaklar, ayollar va bolalarning mangu xotirasi uchun ishlangan edi.
BMT binosi ichiga bepul kirish va u yerda jamlangan tarixiy eksponatlardan bahra olish mumkin. Buning uchun siz rasmiy kiyingan bo‘lishingiz va albatta, o‘zingizda shaxsingiz tasdiqlovchi hujjatning bo‘lishi hamda tegishli tekshiruvlardan o‘tishingiz talab qilinadi. BMT binosiga kirganingizdan so‘ng gidlar sizni BMT ichidagi tarixiy eksponatlar bilan tanishtirish ishlarini boshlaydi. Ko‘rgazmalardan bahramand bo‘lish ertalabki soat 9:00 dan to tushdan keyingi 4:45 gacha davom etadi. Ko‘rgazmalar tarixini BMT hujjatlari yuritiladigan ingliz, arab, xitoy, rus, ispan va fransuz tillaridan birida eshitishni tanlashingiz ham mumkin.
BMTning tarixiy jihatdan qimmatli eksponatlari orasida eng ajoyibi esa Oskar Nimeyerning mo‘jizasi – binoning o‘zidir. Bino qurilganidan beri mahsuldor ishlab kelmoqda va dunyo me’morchiligi tarixidagi eng o‘ziga xos bo‘lgan obida sifatida e’tirof etib kelinmoqda.
Jahongir Ergashev tayyorladi.
Izoh (0)