Toshkent shahridagi Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri oldida 7-yanvar kuni ishga tushirilgan ochiq osmon ostidagi muz maydoni O‘zbekistonda qishki sport turlarini rivojlantirishiga va yanada targ‘ib etishga xizmat qiladi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov 9- yanvar kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingdan so‘ng “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonovga bergan qisqa intervyusida so‘z yuritgan.

Foto: “Daryo”

“Xabaringiz bo‘lsa, ushbu loyiha hukumat topshirig‘i bilan Turizm qo‘mitasi, Madaniyat va san’atni rivojlantirish fondi, Toshkent shahar hokimligi hamda bir qancha homiylarimiz yordamida tashkil etildi. O‘ylashimcha, aholiga bu juda ham yoqqan bo‘lishi kerak. Bu Toshkent shahrida birinchi marta tashkil qilinmoqda. Ochig‘ini aytganda, mazkur g‘oyani boshqa davlatlarda ko‘rib, bizning aholi ham maza qilib, miriqib foydalanishlarini maqsad qilgan holda yo‘lga qo‘ydik. Umuman olganda, buning yana bir chuqur ma’nosi borki, bu qishki sport turlarining rivojlanishiga, ularni targ‘ib etishga o‘ziga yarasha xizmat qiladi.

Kelgusi yilda xuddi shunday muz maydonlarini poytaxtimizning bir nechta nuqtalarida, viloyatlar va yirik shaharlarda ham tashkil etishni reja qilib olganmiz. Bu borada, albatta, aholimiz va barcha OAV bilan maslahatlashamiz, ularning tavsiyalarini eshitib, qayer ularga ma’qul bo‘lsa, o‘sha yerga mana shunday muz maydonchalar faoliyatini yo‘lga qo‘yamiz. Shuni alohida qayd etish kerakki, bunday maydonlar uchun maxsus klimatik sharoitlar bo‘lishi lozim.

Barchamiz yaxshi bilamiz, Qozog‘istonda ochiq osmon ostida juda katta muz maydoni tashkil etilgan. U yerga ham xorijlik, ham mahalliy ko‘plab mehmonlar tashrif buyuradi. Biz ham mana shunday turistik obyektlarni barpo etishni o‘ylayapmiz”, — dedi Abduhakimov.

Avvalroq, Toshkent shahridagi Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri oldida ochilgan ochiq muz maydoni bir oy muddatga o‘rnatilgani haqida xabar berilgan edi. O‘ttiz kun mobaynida mazkur muz maydonida qator madaniy-ko‘ngilochar va sport tadbirlari o‘tkaziladi. Konsert hududida Dance Music Fest Winter, Iosis Fest, Tashkent Rap Festival musiqiy festivallari, shuningdek, xokkey bo‘yicha o‘smirlar chempionati, muz ustida raqs shousi kabi tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.