XX asrdagi urushlarni boshlab bergan 1904–1905-yilgi rus-yapon urushi doirasida bo‘lib o‘tgan muhim voqealardan biri, shubhasiz, Port-Artur qamalidir. Qamal 1904-yilning may oyida boshlanib, 1905-yilning 2-yanvar kuni Port-Arturning yaponlar tomonidan egallanishi bilan tugaydi. “Daryo” sana munosabati bilan mazkur voqea haqida hikoya qiladi.
Tarixiy sharoit
Xitoyning Lyushunkou shahridagi kichkina baliqchilar porti 1884-yillardan boshlab nemis muhandislari tomonidan rekonstruksiya qilindi. Ushbu port 1860-yilda ingliz kemalari qo‘mondoni Villiam Artur sharafiga Port-Artur nomini oldi va ingliz kemasi bilan bojxona aloqalarini o‘rnatdi. Yevropaliklar esa uzoq vaqt mobaynida shu nomni qo‘llab keldi va savdo imtiyozlari uchun portda qarorgohlar qurdi.1894-yilda port va Liao Dong yarimoroli yaponlar tomonidan egallandi. Ammo g‘arb aralashuvi va bosimlari ostida Xitoy yana uni qaytarib olishga muvaffaq bo‘ldi. Bu davrda Rossiya imperiyasi Transsibir temiryo‘li qurilishining avj pallasida edi. Yo‘lning bir qismi Vladisvostokka borishni qulaylashtirish maqsadida janubga qaratilgan edi. Boshqa tomondan nemislar Sindaoni 99 yil muddatga foydalanishga olgan edi. Bundan tashqari, Buyuk Britaniya ham 1897-yilda Hong Kongni 99 yilga foydalanishga oldi.
Rossiya ham Xitoyda nimadirlik bo‘lib qolishdan ortda qolib ketmaslik va Tinch okeaniga chiqishni osonlashtirish maqsadida tashqi ishlar vaziri Muravyov maslahati bilan o‘z pozitsiyasini kuchaytirishga qaror qildi. 1897-yilda Pekinda diplomatlar muzokara o‘tkazarkan, rus kemalari Port-Arturga kirib keldi. Rossiya shu yili portdan 25 yil muddatga foydalanish huquqini qo‘lga kiritdi. Keyin esa butun yarimorolni shunday shartlarda qabul qildi.
1900-yilgi Xitoydagi Ixetuan qo‘zg‘aloni natijasida Rossiya ham boshqa super kuchlar kabi Xitoydan kompensatsiya oldi. Maqsadi Manjuriya ustidan protektorat o‘rnatish edi. Bu esa mintaqada o‘z mavqeyini kuchaytirishni o‘ylab yurgan va Germaniya tomonidan qurollantirilgan Yaponiyani bezovta qila boshladi. 1894–1905-yillarda o‘z harbiy budjetini besh baravarga oshirgan Yaponiya Manjuriyani egallashiga ishonchi komil edi.
Buyuk Britaniya 1902-yilgi Yaponiya bilan tuzilgan do‘stlik bitimiga sodiq qolib, Fransiya Yaponiyaga hujum qilgudek bo‘lsa (1892-yilgi Rossiya-Fransiya do‘stlik bitimi doirasida), Rossiyaga qarshi urushga kirishga va’da bergan edi. Shu tariqa Buyuk Britaniya o‘z portlarini va Suvaysh kanalini ruslarga yopib qo‘ydi. Bu esa Rossiyaning asosan Yevropada joylashgan flotining Yaponiyaga qarshi hujumga yetib borishini juda qiyinlashtirib qo‘ydi.
1902-yilgi Rossiya-Xitoy shartnomasi bo‘yicha hududdagi rus askarlari evakuatsiya qilinishi lozim edi. Ammo 1903-yil Nikolay II buni bekor qildi. Bu esa Yaponiyani harakatga o‘tishga undadi. 1904-yil 8-fevral kuni Yaponiya Port-Arturdagi rus flotiga hujum qildi. Shu tariqa rus-yapon urushi boshlandi.
Qamal
Port-Arturda dastlab, 8–9-fevralda natijasiz dengiz jangi bo‘lib o‘tdi. Bu jangda ruslar asosan mina operatsiyasini qo‘llab, yapon flotiga qarshilik qildi. Dengiz minalari ko‘plab yapon kemalarini cho‘ktirib yubordi. Oradan bir necha oy o‘tib, yaponlar 1904-yilning 7-avgsut kuni sharqiy tomondan rus istehkomlariga hujum qildi. Natijada, ikki kun davom etgan janglar bo‘lib o‘tdi. Mazkur janglarda yaponlar 1 200 ta, ruslar 450 ta odam yo‘qotdi.Mazkur qamal davomida yaponlar keyinchalik Ikkinchi jahon urushida qo‘llanilgan Kamikadze taktikasidan foydalandi. 19-avgustga kelib esa yaponlar ruslarning sharqiy frontini bombardimon qilishni boshladi. 21-avgustdan boshlab, general Nogi g‘arbiy frontdan hujumga o‘tishni boshladi. Ikki tomondan ham katta yo‘qotishlar berildi. Yaponlar masofa saqlashda davom etdi.
Sentabr oyiga kelib esa yaponlar qo‘shimcha kuch oldi va qamalni davom ettirishga qaror qildi. Ruslar esa bunga ulgurmadi. Chunki rus kemalarining Tinch okeaniga yetib kelishiga olti oy kerak bo‘lar edi va bu narsa yakun yaqin ekanini ko‘rsatar edi. Ammo yaponlar hamon muvaffaqiyatga erisha olmadi.
Oktabr oyidan boshlab esa ruslarda oziq-ovqat zaxirasi tugay boshladi. Yaponlar istehkom qurishda davom etdi. Biroq oktabr oyida ham yaponlar istehkomlarni egallay olmadi.
Noyabr oyining oxiriga kelib, genral Nogiga qo‘shimcha kuchlar yetib keldi va u sharqiy frontga hujum qildi. Ushbu hujum natijasida u odamlarining 10 foizidan ajraldi. 5-dekabrga kelib, 203 raqamli tepalik yaponlar tomonidan egallandi. To‘qqiz kun davom etgan jangda yaponlarning yo‘qotishi 10 ming askar va ofitserni tashkil qildi. Ruslardan esa jami olti mingga yaqin askar halok bo‘ldi.
Ertasi kuniyoq yaponlar tepalikdan turib portdagi rus kemalarini nishonga ola boshladi. 5-dekabr kuni Poltava kemasi, 7-dekabr kuni Retvizan, 9-dekabr kuni Pobeda, Presvet, Pallada kruizi va Boyarin kemalari boy berildi va cho‘kib ketdi. 2-yanvar, ya’ni portning kapitulyatsiyasi paytida Sevastopol kemasi admiral Nikolas von Essen buyrug‘iga ko‘ra cho‘ktirib yuborildi. Yaponlar esa ikkita qiruvchi va Takosago kruizlaridan ayrildi.
Kaputulyatsiya va yo‘qotishlar
1905-yilning 2-yanvar kuni general Anatoliy Stessel harbiy kengash xohishiga qarshi o‘laroq, yapon bosh shtabiga taslim bo‘lish haqida muzokara o‘tkazish istagi borligini bildirdi. Bu esa 5-yanvar kuni yapon bosh shtabi tomonidan qabul qilindi.Yaponiya mazkur qamal davomida 60 ming odamini yo‘qotdi. Ruslarning 23 mingdan ortiq askari, jumladan, 16 ming yaralanganlar va kasallar asirga olindi va Nagasaki ba’zasiga yuborildi. Stessel 1906-yilda asirlikdan ozod bo‘ldi va tribunalga tortildi. Dastlab, berilgan o‘lim jazosi 10 yillik qamoqqa almashtirildi. 1909-yilda esa Nikolay II uni afv etdi.
Siyosiy natija
1905-yilning sentabr oyida rus-yapon urushi nihoyasiga yetdi, unda ruslar mag‘lub bo‘ldi. Bu Yevropadagi qudratli davlatning g‘arbiy bo‘lmagan kuchga ilk yengilishi edi. Manjuriyaga olib boruvchi Port-Artur endi Yaponiya qo‘liga o‘tdi. Rossiya, shuningdek, Saxalin orolining yarmini va Manjuriyaning bir qismini Yaponiyaga berishga majbur bo‘ldi. Shu paytdan boshlab Yaponiya dunyoning eng kuchli davlatlari qatoridan joy oldi va Uzoq Sharqda imperialistik siyosat yurita boshladi.Jahongir Ostonov tayyorladi.
Izoh (0)