Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida o‘z mahallasi yerini sotmoqchi bo‘lgan mahalla raisi 10 000 dollar bilan ushlandi.
Viloyat IIB matbuot xizmati xabariga ko‘ra, IIBB JQB tezkor xodimlari tomonidan fuqaro arizasiga asosan 27-noyabr kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Yangiyo‘l tumani, “Obod” MFY raisi lavozimida ishlovchi, 1954-yilda tug’ilgan E.M. ushbu MFY binosida ariza muallifi R.T.dan 8 sotix noqonuniy yer uchun (har bir sotix 1250 dollardan) talab qilgan jami 10 000 dollar miqdoridagi pullarni olgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan. U fuqaroga 2004-yil hisobidan eski qaror tayyorlab berishni va’da qilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan fuqaro E.M. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.